Avval xabar berganimizdek, Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foizdan 17 foizga oshirgan edi. Yillik foiz stavkaning oshirilishi natijasida tijorat banklaridagi turli kreditlarning foizi oshirildi.
Bu o‘zgarish subsidiya asosida ajratiladigan ipoteka kreditlariga, tijorat banklaridan oldin olingan ipoteka kreditlariga ham tegishlimi?
Markaziy bank bunga izoh berdi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 8 apreldagi "Markazlashgan manbalar hisobidan ipoteka va ta’lim kreditlari uchun ajratiladigan mablag‘lar bo‘yicha foiz stavkalarini belgilash to‘g‘risida"gi qarorida Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga ipoteka uchun ajratiladigan resurs mablag‘lari bo‘yicha foiz stavkalarini 2022 yil yakuniga qadar, istisno tariqasida, amaldagi foiz stavkalarida saqlab qolinishi belgilangan.
Bu esa, o‘z navbatida, tijorat banklari tomonidan aholiga birlamchi uy-joy bozoridan xonadon sotib olishi uchun ajratadigan ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari joriy yil yakuniga qadar o‘zgarmasligini anglatadi.
Shuningdek, ilgari olingan ipoteka kreditlarining shartlari esa mijoz va tijorat banki o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida belgilanadi. Agar shartnomada ipoteka krediti bo‘yicha foiz stavkasi asosiy stavkaga (qayta moliyalashtirish stavkasiga) bog‘langan bo‘lsa, asosiy stavka o‘zgarishi ular bo‘yicha foiz stavkalarining ham o‘zgarishiga olib keladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA