Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2022 yil neft va gaz qazib chiqarish hamda qayta ishlash natijalari sarhisobi
20:22 / 2023-02-20

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati yurtimizda neft va gazni qazib chiqarish va qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan asosiy kompaniya hisoblanadi. Jamiyat tasarrufida 118 ta kon mavjud bo‘lib, shundan 85 tasidan tabiiy gaz qazib olinmoqda. Qolgan 33 ta konda geologiya-qidiruv ishlari amalga oshirilmoqda.

2022 yilda tizimni talab darajasida ishlashi uchun uglevodorod konlarini samarali va maqsadli ishlatish, ulardan tabiiy gaz va suyuq uglevodorod xom ashyosi qazib chiqarishni oshirish hamda mavjud quduqlarning bir maromda ishlatilishini ta’minlash hamda yangi konlar ochish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha samarali natijalarga erishildi.  

“O‘zbekneftgaz” AJning mamlakatimizda uglevodorodlarni qazib chiqarishdagi ulushi tabiiy gaz qazib chiqarish bo‘yicha 63,0  foiz, gaz kondensati qazib chiqarish bo‘yicha 67,0 foiz, neft qazib chiqarish bo‘yicha 13,0 foizni tashkil etadi.  

“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi tabiiy gaz qazib olish konlari, uzoq yillardan beri ishlatilayotganligi sababli qatlam bosimlari tushish kuzatilmoqda. Qayd etish joizki, “O‘zbekneftgaz” AJda 96 foiz tabiiy gaz qazib chiqarish kompressor stansiyalari orqali amalga oshirilmoqda. Gaz qazib olish barqarorligini ta’minlash hamda gaz zaxiralarini maksimal o‘zlashtirish maqsadida har yili qo‘shimcha siquv kompressor stansiyalarini qurish orqali qazib olish hajmi ta’minlanmoqda.  

O‘tgan yili uglevodorodlarni qazib chiqarish ko‘rsatkichlariga erishish uchun  84 ta quduqda burg‘ilash ishlari, 711 ta quduqda kapital ta’mirlash va 27 ta texnologik chora-tadbirlar bajarildi. Natijada o‘tgan yilda 32,2 milliard metr kub tabiiy gaz, 1 428,6 ming tonna gaz kondensati, 100,2 ming tonna neft qazib chiqarishga erishildi.  

2022 yilda “O‘zbekneftgaz” AJ konlarning tabiiy gaz zaxirasi 35,1 milliard metr kubga, gaz kondensati zaxirasi 1 206,0 ming tonnaga o‘stirildi. Uning O‘zbekistonda neft mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi ulushi avtobenzin bo‘yicha 72,0 foiz, dizel yonilg‘isi bo‘yicha 46,0 foiz, aviakerosin bo‘yicha 83,0 foizni tashkil etadi.  

O‘tgan yilda 1,7 million tonna uglevodorod xomashyosi qayta ishlanib, 999,8 ming tonna avtobenzin, shundan “GTL” nafta hisobiga 24,6 ming tonna, 470,6 ming tonna dizel yonilg‘isi, shundan “GTL” dizel yonilg‘isi – 139,5 ming tonna, 140,8 ming tonna aviakerosin, shundan “GTL” aviakerosini hisobiga – 13 ming tonna ishlab chiqarildi.  

Qish mavsumida iste’molchilarni avtobenzin bilan uzluksiz ta’minlash va uning narxini keskin oshishini oldini olish maqsadida hukumatning tegishli qaroriga muvofiq, 2022 yil 10 dekabrdan 2023 yil 1 martga qadar import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va iste’molchilarga sotiladigan AI-80 avtobenzini uchun aksiz solig‘i “nol” stavkada qo‘llash belgilandi. Natijada “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufdagi AYOQSHlarda AI-80 avtobenzin narxi 6 800 so‘mdan 5 700 so‘mgacha arzonlashtirilib, 2022 yil 13 dekabrdan arzon narxda aholiga yetkazib berildi.  

Ta’kidlash kerakki, respublika bo‘yicha jami 2 127 ta yoqilg‘i quyish shoxobchalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan 239 tasi “O‘zbekneftgaz” AJ ga tegishlidir (“UNG Petro”ga qarashli – 69 ta; neft bazalarga qarashli – 170 ta). Jamiyatning O‘zbekistonda suyultirilgan gaz ishlab chiqarishdagi ulushi 80,0  foizdir.  

2022 yilda 697,8 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarishga erishildi. Iste’molchilarga jami 683,2 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.  Ushbu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 26,1 ming tonnaga ko‘pdir. 615,2 ming tonnasi aholining maishiy ehtiyojlari va ijtimoiy sohalar uchun “Hududgazta’minot” ga imtiyozli narxda (1 tonnasi uchun 495 ming so‘mdan) yuklandi. Shuningdek, o‘tgan yili jami 655,2 million dollar qiymatida investitsiyalar o‘zlashtirildi.  

Tizimni talab darajasida ishlashi, yangi konlar qidirish va quduqlar ekspluatatsiyasi uchun hamda kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlarining modernizatsiyalash jarayonlari uchun 2022 yilda jami 655,2 million dollar qiymatida investitsiyalar o‘zlashtirildi. Shundan 355,2 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga to‘g‘ri keladi.  

Xususan, umumiy qiymati 128,5 million dollarga teng bo‘lgan quyidagi 2 ta ob’ekt qurilib, ishga tushirildi:  

Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli  "Sho‘rtan" bosh inshootidan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi va "Uzbekistan GTL" zavodigacha 33 kilometr uzunlikdagi gaz quvuri ishga tushirildi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 40,7 million dollarni tashkil etdi. Loyiha doirasida 12 nafar mutaxassis ish bilan ta’minlandi. Loyihani amalga oshirish natijasida kunlik 14,0 mln kub metr tozalangan tabiiy gazni transport qilish imkoniyati yaratildi.  

“Dengizko‘l” konida siquv kompressor stansiyasi ishga tushirildi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 87,8 million dollarni tashkil etadi. Loyiha doirasida 15 nafar mutaxassis ish bilan ta’minlandi. Loyihani amalga oshirish natijasida yillik qo‘shimcha 290 million metr kub tabiiy gaz qazib chiqarishga erishildi.  

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “O‘zbekneftgaz” AJ va uning filiallari yirik ish beruvchi tarmoq hisoblanadi. Bugun tizim korxonalarida qariyb 36 mingga yaqin ishchi-xizmatchilar mehnat qilishmoqda. Ularning 3 ming 881 nafarini xotin-qizlar, 6 ming 40 nafarini yoshlar tashkil etadi.  “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 2022 yilda davlat byudjetiga 7,8 trillion so‘m miqdorida, 2021 yilga nisbatan 1,8 trillion so‘mga yoki 130  foizga ko‘p soliq va dividendlar to‘landi. Tushumlarning o‘sishi “Uzbekistan GTL” zavodi hisobiga to‘g‘ri keldi.  

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati  

O‘zA