Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumani Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2022 yildagi faoliyati tahlili va 2023 yildagi ustuvor vazifalari xususida bo‘ldi.
Unda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov mamlakatimizning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2022 yil yakunlariga asosan yalpi ichki mahsulot 5,7 foiz, sanoat mahsulotlari 5,2 foiz, qurilish ishlari 6,6 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 3,6 foizga, bozor xizmatlari 15,9 foiz, eksport 23,6 foiz, chakana savdo aylanmasi 12,3 foiz o‘sish sur’atlari ta’minlangan.
– Yalpi ichki mahsulot o‘sishining 55,1 foizi xizmatlar, 23,3 foizi sanoat, 15,5 foizi qishloq xo‘jaligi va 7,2 foizi qurilish sohalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Aholi jon boshiga YAIM hajmi 2 ming 255 AQSH dollarni tashkil etdi. 2023 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 5,3 foiz, sanoat mahsulotlari 5,1 foiz, qurilish ishlari 6 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 3,5 foizga, xizmatlar 14,5 foizga o‘sishi kutilmoqda. Joriy yilda jahonda kuzatilayotgan global inflyatsiya sharoitida mamlakatimizda inflyatsiya ko‘rsatkichi yillik 12,3 foizni tashkil qildi, – dedi D.Sultonov.
Anjumanda barcha yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan ko‘rsatkichlarga alohida urg‘u berildi. Xususan, 2022 yilda Ipoteka dasturi bo‘yicha jami 855 milliard so‘m subsidiyalar to‘lab berilgan bo‘lsa, fuqarolarga ipoteka kreditlari ajratish uchun tijorat banklariga 7,0 trillion so‘m resurs mablag‘lari ajratilgan. Shu yilning 1-choragi davomida tijorat banklariga ipoteka kreditlari ajratish uchun 1,6 trillion so‘m resurslar berilgan.
[gallery-11184]
Tadbirda vazir o‘rinbosari davlat tashqi qarzi masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra, 2023 yilning 1 yanvar holati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining davlat tashqi qarzi 29,2 milliard AQSH dollarini yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,4 foizni tashkil qilgan.
Shuningdek, anjumanda joriy yilgi rejalarga ahamiyat qaratildi. Jumladan, 2023 yilda tijorat banklariga ipoteka kreditlari uchun 9 trillion so‘m resurslar ajratilishi hamda 1,1 trillion so‘m ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan. 2023 yilning 1-choragida Davlat byudjeti daromadlari ijrosi 48,5 trillion so‘mni tashkil etishi, 2022 yilning mos davriga nisbatan 6,7 trillion so‘mga yoki 16 foizga oshishi kutilmoqda.
– Qo‘shimcha qiymat solig‘ining 15 foizdan 12 foizga pasayishi joriy yildagi asosiy o‘zgarishlardandir, – dedi D.Sultonov. – Davlat byudjetining 2023 yil 1-chorak xarajatlari 62,2 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Shundan 29,3 trillion so‘mi ijtimoiy xarajatlarga yo‘naltiriladi. Shu jumladan, “Tashabbusli byudjet» loyihasining 1-mavsumi uchun 1,5 trillion so‘m byudjet mablag‘lari ajratilgan bo‘lib, ayni paytda mamlakatimiz bo‘ylab loyihaning 3-bosqichiga «ovoz berish» jarayoni davom etmoqda. 2023 yilda bevosita fuqarolar tomonidan ilgari surilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun jami 8 trillion so‘m (2022 yilga nisbatan 3,5 barobarga ko‘p) mablag‘lar yo‘naltirilishi ta’minlanadi. Bundan tashqari, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida ilgari surilgan loyihalar uchun 4 trillion so‘m mablag‘ jamoatchilik fikri asosida hududiy-ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA