Respublika maqsadli kitob jamg‘armasining Vasiylik kengashi darsliklar va mashq daftarlarining ijara to‘lovi miqdorlarini belgiladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Qayd etish joizki, joriy yilda Prezident farmoni bilan umumta’lim maktablarining 3-, 6-, 7- va 10-sinflari uchun to‘liq, shuningdek 2- va 3-sinf uchun mashq daftarlari, barcha sinflar uchun ingliz tili, nemis tili va rus tili fanlaridan jami 60 million nusxa yangi avlod darsliklari (2021 yilda 25 million darslik) chop etilmoqda.
Joriy yilda yangi darsliklarning chop etilish harajatlarining, xususan dunyo bozorida qog‘oz narxi (faqatgina 2022 yilning o‘zida qog‘oz narxi 60-70 foizga oshgan) va qog‘ozni mamlakatimizga yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlarining keskin oshib ketishi, tabiiyki darsliklarni chop etish uchun xarajatlarning ham oshib ketishiga olib keldi.

Ijara to‘lovi miqdorlari darsliklar uchun amalga oshirilgan xarajatlardan kelib chiqib, bir dona darslik uchun yagona summasini to‘plamdagi darslik va mashq daftarlari soniga ko‘paytirish yo‘li orqali belgilanadi. Bunda yagona summa barcha sinf va ta’lim tillar uchun bir xil etib belgilanadi.
Joriy o‘quv yilida o‘rtacha bir dona darslik (mashq daftari) uchun yagona ijara to‘lovi 5 ming 707 so‘mni tashkil etmoqda va o‘tgan o‘quv yilidagi miqdor (2 740 so‘m)ga nisbatan 2 ming 967 so‘mga (108%) oshgan. Ijara to‘lovi summasini ota-onalar darslik to‘plamini to‘liq olgach 1 oktyabrga qadar amalga oshirishlari mumkin.
Birinchi sinf o‘quvchilari, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilalarning farzandlari, “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari, Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari o‘quvchilari darslik ijara to‘lovidan ozod etiladi.
O‘zA