Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2021 yilning 1 iyulidan fuqarolarga STIR berish to‘xtatiladi
13:05 / 2021-06-11

Bu haqda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida IIV, Davlat soliq qo‘mitasi, Xalq banki tomonidan 16 yoshga to‘lgan shaxslarga ID karta berishda ularni davlat soliq organlarida soliq to‘lovchi sifatida hamda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

«Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident farmoniga muvofiq, soliq organlari endi fuqarolar va soliq to‘lovchilar hisobini shaxsiy identifikatsiya raqami orqali amalga oshiradi.

– Joriy yildan boshlab 16 yoshga to‘lgan fuqarolarga identifikatsion kartani berishda elektron raqamli imzo qo‘shib beriladi, – dedi IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshqarma boshlig‘i Fazliddin Usmonov. – Bu borada IIVda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Xalq banki va Davlat soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda tizimlarni integratsiya qilish, ya’ni ma’lumot almashinuvini jismoniy shaxsning identifikatsiya raqami yordamida amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.  

2021 yil 1 maydan fuqaroning tug‘ilganlik, nikoh va boshqa ma’lumotlari tizim orqali FXDYOdan olinyapti.

Fuqarolarning manzilga oid ma’lumotlari davlat organlariga elektron tizim orqali taqdim etilmoqda. Bu fuqarolarga ancha yengillik tug‘diradi, ya’ni ular IIBga borib 17 forma yoki 16 forma kabi ma’lumotlarni so‘rashlari shart emas.

2021 yilning 1 iyulidan boshlab fuqarolarga STIR (soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami) berilishi to‘xtatiladi.

– "Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident farmoniga muvofiq, soliq organlari endi fuqarolar va soliq to‘lovchilar hisobini shaxsiy identifikatsiya raqami orqali amalga oshiradi, –deydi Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Komil Sayidov. – Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – fuqarolarga yengillik yaratish, davlat organlarida fuqarolar haqidagi ma’lumotlarni saqlash va foydalanishda bir xil identifikatordan foydalanishdan iborat. Ya’ni kerakli ma’lumotlar uch-to‘rt idoradan emas, balki bitta identifikator orqali amalga oshiriladi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA