Mamlakatimizda har yili 600-700 ming fuqaro mehnat bozoriga kirib keladi.
Iqtisodiyot tarmoqlarini va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar natijasida yiliga 500 minggacha ish o‘rni yaratilmoqda. Shunga qaramay, tashqi mehnat migratsiyasining katta oqimi haligacha saqlanib qolmoqda. Qariyb 200 ming kishining bandligini tashqi mehnat migratsiyasi orqali ta’minlashga to‘g‘ri kelmoqda.
Xo‘sh, xorijdagi vatandoshlarimizning huquqlarini himoya qilish, sharoitlarini yaxshilash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yil davomida diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarimiz tomonidan odam savdosi qurboni bo‘lgan 143 nafar O‘zbekiston fuqarolariga zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilib, ularning sog‘-salomat O‘zbekistonga qaytib kelishlari ta’minlandi.
Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i Burxon Aliqulov tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1 ming 478 nafar fuqaroga ish beruvchilardan 1,2 milliard AQSH dollari miqdorida oylik maoshlari va kompensatsiyalari undirilishida ko‘mak berilgan.
Shuningdek, Rossiyaning 9 ta hududida ushbu davlatda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun RUDN hamda “WorldSkills Russia” ittifoqi bilan hamkorlikda rus tili va kasb-hunarga o‘qitish kurslar tashkil etilib, shu kunga qadar 995 nafar mehnat migranti rus tiliga va kasb-hunar o‘rganishga o‘qitilgan.

O‘zbekistonning Almati shahridagi Bosh konsulxonasi Qozog‘iston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan o‘zbek milliy madaniy markazlari bilan hamkorlikda Qozog‘iston hududida qiyin ahvolga tushib qolgan 100 dan ortiq fuqarolarimizni Vatanimizga qaytishini tashkillashtirdi.
O‘zbekistonda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida xorijiy mamlakatlar huquq-tartibot idoralari bilan ham keng hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Bu borada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan xalqaro hamjamiyatni boxabar etish maqsadida o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan ma’lumotlar xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimizning veb-saytlarida, ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida keng targ‘ib qilinmoqda.
Konsullik qabuliga tashrif buyurgan fuqarolarimizga ham odam savdosi qurboniga aylanib qolmaslik borasida doimiy ravishda tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan 120 dan ortiq mehnat migratsiyasi bilan shug‘ullanuvchi xorijiy davlat idoralari va 200 dan ortiq yirik ish beruvchi kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazildi. Mazkur kompaniyalarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlar aniqlanib, ushbu ma’lumotlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga taqdim etib kelinmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari tomonidan chet davlatlardagi 140 dan ortiq vatandoshlarimiz va milliy diasporalarimizga tegishli jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlik kelishuvlarini amalga oshirib kelmoqda.
Xorijda qiynalib qolgan fuqaro o‘ziga yaqin bo‘lgan O‘zbekistonning diplomatik muassasasiga murojaat qiladi. Uning hujjatlari ko‘rib chiqiladi va qanday shaklda yordam berilishi aniqlanadi. Mushkul ahvolda qolgan fuqaroga qarzlar xorijda mablag‘larsiz qolgan taqdirda, ularning O‘zbekiston Respublikasiga qaytib kelishini ta’minlash maqsadida ajratiladi. Buning uchun fuqaro, ta’minotchi va konsullik muassasasi o‘rtasida uch tomonlama qarz shartnomasi imzolanadi. Fuqarolar O‘zbekistonga qaytgach, 30 kun muddatda qarzni qaytarishi kerak bo‘ladi.
Xorijda o‘zbekistonliklar munosib sharoitlarda mehnat qilishi uchun yirik ish beruvchi kompaniyalar bilan aloqalarni kengaytirish muhimligi e’tiborga olinib, Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida 2021 yil davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Latviya, Bolgariya, Isroil, Polsha kabi davlatlarning ishga joylashtirish sohasida faoliyat olib boradigan kompaniyalar bilan O‘zbekistondan fuqarolarni tashkiliy asosda ishga joylashtirish bo‘yicha 10 dan ortiq hamkorlik shartnomalarini imzolangan.
Germaniya va Shvetsariyaning yirik kompaniyalari bilan O‘zbekiston fuqarolarining mehnat faoliyatini olib borishlari va shu bilan birgalikda kasbiy amaliyotni amalga oshirishlari masalalari bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Shu bilan birga, mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish maqsadida Isroil, Gretsiya, Italiya, Bahrayn, Qatar, Quvayt, Malayziya, Ozarbayjon, Singapur kabi 10 ta davlat bilan hukumatlararova idoralararo bitim loyihalarini imzolash choralari ko‘rilmoqda.
Shveysariyaning “Globogate” rekruting agentligi bilan tibbiyot sohasidagi xodimlarni Shveysariya, Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlariga ishga joylashtirish bo‘yicha imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida 10 oylik nemis tili “onlayn” o‘qitish markazi tashkil etildi. Shveysariyalik hamkorlar tomonidan 3 bosqichli tanlov tashkil etildi. Tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 118 nafar fuqarolar hozirgi kunda o‘quv jarayonlariga jalb etilgan.
Shuningdek, davlatimiz raxbarining ko‘rsatmasiga asosan xukumat nazoratida amalga oshirilayotgan evakuatsiya jarayonida Ukraina-Polsha davlat chegarasidan 5 ming 969 nafar O‘zbekiston fuqarolarini o‘tkazish tashkil etildi, ulardan 5 ming 884 nafari 26 ta aviareyslar orqali Vatanga qaytarildi.
Ukraina va Polshadagi O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari tomonidan fuqarolarni evakuatsiya qilishni uzluksiz ta’minlash maqsadida transport vositalari (14 ta avtobus) ijaraga olindi. Ta’kidlash joizki, barcha ekavuatsiya bilan bog‘liq xarajatlar hukumatimiz tomonidan beg‘araz (bepul) amalga oshirilmoqda.
Ukrainaning turli oliy o‘quv yurtlari talabalari bo‘lgan 300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari Ukrainadan evakuatsiya qilindi. O‘zbekiston Prezidentining topshirig‘iga ko‘ra, evakuatsiya qilingan mazkur talabalarning mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalariga o‘qishini kirish uchun Tashqi ishlar vazirligi ularning ro‘yxatini shakllantirib, Respublika Oliy va o‘rta ta’lim vazirligiga taqdim qilib kelmoqda.
Ukrainadan Rossiyaga o‘tishda to‘xtab qolgan quritilgan meva, dori-darmon, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni tashuvchi O‘zbekiston fuqarolariga tegishli yuk avtomobillari bojxona, chegara va sanitariya nazoratidan tezkor o‘tishlarida amaliy yordam ko‘rsatildi.
Ukrainadan Moldovaga utishga majbur bo‘lgan fuqarolarimizning Ruminiya hududi orqali vizasiz tranzitini ta’minlash, “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi samolyotining Buxarestdagi xalqaro aeroportdan to‘siqsiz parvoz qilishi va tehnik hizmat ko‘rsatilishi masalalari tezkorlik bilan hal etildi.
Natijada, joriy yilning 10 mart kuni maxsus reys bilan Moldovadagi 98 nafar O‘zbekiston fuqarolari Ruminiyaning Buxarest aeroporti orqali olib chiqildi, ulardan 17 nafari ayollar va 9 nafari voyaga yetmagan bolalardir.
Shu kunga qadar, 400ga yaqin fuqarolarga Vatanga qaytish hujjatlari tezkorlik bilan rasmiylashtirildi. Ularni oziq-ovqat bilan ta’minlash yo‘lga quyildi, shuningdek, Polshaning Katovitsa aeroportiga olib ketilishini kutayotgan qariyalar va yosh bolali ayollarning dam olishlari uchun alohida sharoitlarga ega “O‘zbekiston burchagi” tashkil etildi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga hokimliklar bilan birga xorijga ishlashga ketgan yurtdoshlarning oilasidan doimiy xabar olib, ota-onasining sog‘lig‘i, farzandlarining o‘qishi va boshqa ehtiyojlariga ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA