Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2021 yilda is gazidan 128 nafar fuqaro vafot etgan – FVV
17:24 / 2022-02-09

Respublikamiz hududida 2021 yilda is gazi bilan bog‘liq jami 74 ta holat aniqlanib, ushbu holatlarda 67 nafar fuqaro zaharlangan va 128 nafar fuqaro vafot etgan bo‘lsa, joriy yilning 9 fevral holatiga ko‘ra, 21 holatda 19 nafar fuqaro zaharlangan va 36 nafar fuqaro vafot etgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Samandar Hikmatullayev ishtirokidagi brifingda is gazidan zaharlanish, gaz-havo aralashmasining chaqnashi va yong‘inlar bilan bog‘liq vaziyatlar haqida ma’lumot berildi. 

Qayd etilishicha, aholini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha aniq ishlar amalga oshirilayotganligiga qaramasdan, fuqarolarning yong‘inlardan va havo-gaz aralashmasining chaqnashidan jabr ko‘rayotganligini, xonadonlarda is gazidan zaharlanib vafot etish holatlari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar soni oshib borayotgani achinarli. 

Mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida jami 824 ta ishchi guruh tashkil etilib, ularga taalluqli idoralar vakillaridan 9 ming 58 nafar xodim jalb etildi.  Tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan joylarda mavjud bo‘lgan jami 9 ming 167 ta mahallada o‘rganishlar o‘tkazildi. Xonadonlar tekshirilib, aniqlangan 168 ming 771 ta kamchilikdan 150 ming 790 tasi (89,3 foiz) joyida bartaraf etildi. 

Aholi turar joylarida olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida yong‘inlar va ularning kelib chiqish sabablari tahliliga ko‘ra, 5 million 917 ming 604 ta aholi turar joylari hamda 23 ming 585 dala hovlilari tekshirildi. O‘rganishlar davomida suyultirilgan gazdan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzish va nostandart isitish pechlaridan foydalanish holatlari aniqlangan. Mavjud kamchiliklardan  92,2 foizi  joyida bartaraf etildi. 

Ushbu yong‘inlarning 83 tasi gaz ballonlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarining buzilishi natijasida yuzaga kelgan bo‘lib, shulardan 2 tasi avtomobillarda, 81 tasi bino-inshootlarda sodir bo‘lgan. Natijada 5 nafar fuqaro vafot etgan va 22 nafar fuqaro tan jarohati olgan. Moddiy zarar miqdori 1 milliard 127 million 60 ming 889 so‘mni tashkil etgan. 

Tahlillarga ko‘ra, fuqarolarimiz tomonidan isitish mavsumi oldidan xonadonlarda o‘rnatilgan isitish pechlarining xavfsiz ekanligini batafsil ko‘zdan kechirilmasligi oqibatida ayanchli va qayg‘uli holatlar sodir bo‘lmoqda. 

bugungi kunda, gaz ballonlari bilan bog‘liq hayot uchun xavf tug‘diruvchi vaziyatlarning oldini olish hamda sinovdan o‘tkazilmagan gaz ballonlaridan foydalanish orqali yuzaga kelayotgan oqibatlarni keng ommaga yetkazish bo‘yicha barcha mas’ul tashkilotlar tomonidan keng qamrovli targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda. 

Eng achinarlisi, transport vositalaridan yechib olingan foydalanishga yaroqsiz bo‘lgan gaz ballonlaridan turar joylar hamda maishiy va savdo ob’ektlarida foydalanish holatlari uchramoqda.  
 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA