Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017 yilda Biznes-ombudsman instituti tashkil etildi. Ushbu institut tadbirkorlarning huquqlarini davlat organlarining noqonuniy harakatlaridan himoya qilishga ixtisoslashgan bo‘lib, bugungi kunda mazkur tashkilot tomonidan mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishda keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Xususan, so‘nggi to‘rt yil davomida Biznes-ombudsman tomonidan 4 ming 300 dan ortiq huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilgan. Chora-tadbirlar natijasida 969 nafar davlat organlarining mansabdor shaxsi intizomiy javobgarlikka, nazorat qiluvchi organlarning 2 ming 455 nafar mansabdori esa ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Ularning 1 ming 54 ta noqonuniy qarori bekor qilinib, 400 nafar tadbirkorga 10 million dollardan ortiq mablag‘ undirilishi ta’minlandi. Ishbilarmonlarning 12 ming gektardan ortiq yer uchastkaga bo‘lgan huquqi tiklandi.
Tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida to‘lashni istamayotgan davlat organlari, masalaning muhim jihatlari va sabablari xususida Biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov bilan suhbatlashdik.
– O‘tgan yili Biznes-ombudsmanga tadbirkorlardan shartnomaviy munosabatlarga oid 360 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, 210 ta murojaat shartnomalar bo‘yicha qarzdorlikni undirish bilan bog‘liq edi. Hududlar kesimida bu boradagi murojaatlar soni bo‘yicha Toshkent shahri, Andijon va Jizzax viloyatlari yetakchi bo‘ldi.
Ta’kidlash lozim, Biznes-ombudsman tomonidan ushbu holatlar bo‘yicha kiritilgan da’vo arizalari natijasida sudlar tomonidan tadbirkorlar foydasiga davlat organlarining hisobidan deyarli 11,5 milliard so‘mlik qarzdorlikni undirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilingan.
Jumladan, Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi “Future” MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) xizmat ko‘rsatish shartnomasi bo‘yicha to‘lovlarni undirishda amaliy yordam berishni so‘rab, Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Xususan, jamiyat va Davlatobod tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi o‘rtasida autsorsing asosida oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazish to‘g‘risida shartnoma tuzilgan. Unga muvofiq, jamiyat tomonidan majburiyatlar to‘liq bajarilgan bo‘lsada, ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘lovlar amalga oshirilmagan.
Vaholanki, “Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasiga ko‘ra, taraflardan biri shartnoma majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda bu taraf boshqa tarafga yetkazilgan zararni to‘laydi.
Shunga ko‘ra, Biznes-ombudsman tomonidan jamiyat manfaatida Namangan tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritilib, sudning hal qiluv qarori bilan Davlatobod tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi hisobidan jamiyatga 400 milliondan ortiq qarzdorlikni undirish belgilandi.
– Davlat organlari tadbirkorlar bilan shartnoma tuzishda nimalarga e’tibor berishlari lozim?
– Birinchi navbatda, Byudjet kodeksining 122-moddasida byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘lari oluvchilarning byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar bo‘yicha tovarlarni yoki ish va xizmatlarni yetkazib beruvchilar bilan tuzgan shartnomalari g‘aznachilik bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin kuchga kirishi belgilangan. O‘z navbatida, shu shartnomalarni g‘aznachilik bo‘limlarida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tadbirkorlar emas, balki byudjet tashkilotlari mas’uldir.
Shuningdek, shartnoma g‘aznachilik bo‘limlarida ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi byudjet tashkilotini o‘z shartnomaviy majburiyatlarini bajarishdan ozod qilmaydi, vaholanki Fuqarolik kodeksining 237-moddasida majburiyatni bajarishdan bir tomonlama bosh tortish va shartnoma shartlarini bir tomonlama o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. Shu bilan birga, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunda tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarining davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida tadbirkorlik faoliyati sub’ekti huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qilishi belgilangan.
Tadbirkorlar o‘zlariga qonuniy asosda tegishli bo‘lgan mablag‘larni davlat organlaridan sud orqali undirishga majbur bo‘lmoqda va yuqoridagi murojaat ko‘plab sud jarayonlarining bir misolidir. Aksariyat hollarda sudlar tadbirkorning tarafini olishi va uning foydasiga qaror qabul qilish tendensiyasi mavjud.
–Davlat organlarining davlat bojini to‘lashida ham kamchiliklar bormi?
– Qarzdor davlat organi nafaqat qarzdorlikni, balki davlat bojini ham to‘lashi kerak. “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, xo‘jalik sudlariga kiritilgan mulkiy hususiyatga ega bo‘lgan da’vo arizalari bo‘yicha davlat boji miqdori da’vo bahosining 2 foiz miqdorida, biroq BHMning 1 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorni tashkil etadi. Shuningdek, yuqrida qayd etganimizdek, 2021 yilda shartnomaviy qarzdorlikni undirishga oid da’vo arizalari bo‘yicha davlat organlarining hisobidan deyarli 11,5 milliard so‘mlik asosiy qarzdorlik va tahminan 2,2 milliard so‘mlik davlat boji undirilgan. Ta’kidlash o‘rinli, davlat boji sifatida to‘langan mablag‘lar oqilona ehtiyojlarga sarflanishi mumkin edi.
Davlat organlariga ayrim xodimlarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari qimmatga tushmoqda va bu holat doimo ham faqat moddiy xarajatlarga taalluqli emas. Tadbirkorlar huquqlarining buzilishi davlat organi obro‘siga bevosita ta’sir qiladi. Ko‘pincha amaliyotda qonunbuzilish holatiga davlat organining viloyat yoki tuman bo‘limining mansabdor shaxslari tomonidan yo‘l qo‘yiladi. Natijada, tadbirkor viloyat yoki tuman bo‘limiga emas, balki butun organga nisbatan salbiy munosabatda bo‘ladi.
Bundan kelib chiqib, Biznes-ombudsman davlat organlariga tadbirkorlarning huquq va qonuniy majburiyatlarini hurmat qilishni tavsiya qiladi. Zero, qonunga bo‘ysunuvchi davlat vakillari mamlakatdagi huquq tizimiga xalq ishonchining asosiy kalitidir.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA