O‘tgan 2021 yilda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan suv ta’minoti tizimida olib borilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va qonunbuzarliklar aniqlanib, ularga tegishli choralar ko‘rildi.
Jumladan, respublika bo‘yicha 1281 ta ichimlik va oqova suv tizimlariga noqonuniy ulangani, 9 ta o‘rnatilgan suv hisoblagichlariga shikast yetkazish va plombalarni uzish, 43 ta noqonuniy tarzda ichimlik suv quduqlarini qazish, 133 ta ichimlik suvidan foydalanish limitiga amal qilmaslik, 88 ta suv hisobini yuritmaganlik holati, 2 ming 643 ta avariya holati va 893 ta ichimlik va oqova suv quduqlarida maxsus qopqoqlarning mavjud emasligi aniqlandi.
Shuningdek, 12516 ta ichimlik va oqova suv tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar o‘rganilgan bo‘lib, shundan 1407 tasida qoidabuzarliklar aniqlangan va 1 276 ta iste’molchiga 4,2 milliard so‘m qo‘shimcha to‘lov va 1 ming 77 ta xuquqbuzarga nisbatan 1,4 milliard so‘m ma’muriy jarima rasmiylashtirilgan.
Suvinspeksiya huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazgan o‘rganishlari natijasida, O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jami 80 ta umumiy qiymati 16,3 milliard so‘mlik qonun buzilish holatlari aniqlandi.Vazirlar Mahkamasining “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlariga asosan, ichimlik suv ta’minoti va oqova suv chiqarish ob’ektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha, jami 504 ta qurilish ob’ektida monitoring o‘tkazilib, ularda aniqlangan 1112 tadan ziyod kamchilik joyida bartaraf etildi.
Shuningdek, investitsiya dasturi asosida rekonstruksiya qilingan 407 ta yangi ichimlik va oqova suv ob’ektida o‘rganish va monitoring qilish ishlari amalga oshirildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA