Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2021 yil: yangi marralar, yakdil qadamlar
12:01 / 2021-01-28

Ayni kunlarda Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish maqsadida “2021 yil: yangi marralar, yakdil qadamlar” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati korxonalarida ham Murojaatnomani o‘rganishga bag‘ishlangan davra suhbatlari ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqda. Jumladan, 20 yanvar kuni “Qurilish-montaj ishlari” filialida boshlangan ushbu tadbirlar 27 yanvar kuni “Angren ko‘mir koni” filiali markaziy dispetcherlik puntida davom ettirildi. Jamiyat ma’muriyati va Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi taniqli siyosiy sharhlovchi Qobilbek Karimbekov hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibot markazining Toshkent viloyati bo‘yicha targ‘ibotchisi Shuhrat Nasimov ishtirokida uyushtirilgan mazkur tadbirda Murojaatnomada ilgari surilgan g‘oya va yo‘nalishlar haqida ma’lumot berildi.

Siyosiy sharhlovchi Qobilbek Karimbekov suhbat avvalida Murojaatnoma institutining tarixi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi. Prezidentning Parlamentga murojaati instituti qadimiy tarixiy an’analarga ega. Bu institut ilk bor Angliya Parlamentida vujudga kelgan, dedi notiq. Angliya Parlamentning har bir ochilish sessiyasida qirol va qirolicha nutq so‘zlaydi. AQSHda ham ushbu an’ana mavjud bo‘lib, bu an’ana birinchi prezident Jorj Vashington tomonidan 1790 yilda Kongressga og‘zaki tarzda murojaat qilishi bilan vujudga kelgan. E’tiborlisi shundaki, Parlamentga murojaat AQSHda bugun san’at darajasiga ko‘tarilgan.

Parlamentga murojaat yo‘llash juda demokratik va hokimiyat tarmoqlarini o‘zaro kelishuviga yordam beruvchi institut hisoblanadi. O‘zbekistonda ham Prezidentimiz tomonidan, mana, to‘rtinchi bor Murojjatnoma yo‘llandi va bu borada o‘ziga xos tajriba to‘plandi. Murojaatning onlayn tarzda uzatilishi esa xorij va mamlakatda qanchalab insonlarning o‘sha paytning o‘zidayoq ko‘rish imkoniga ega bo‘lishiga yordam berdi. Shu jihatdan olib qaraganda, murojaatni nafaqat Parlamentga, balki O‘zbekiston xalqiga va jahon hamjamiyatiga murojaat, deyish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bu galgi Murojaatnomasi ham mamlakatimiz siyosiy hayotidagi eng muhim voqea bo‘ldi, unda davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yildagi asosiy ko‘rsatkichlar va 2021 yilga mo‘ljallangan maqsad va vazifalar e’lon qilindi.

Tadbirda Murojaatnomaning asosiy yo‘nalishlari, unda ilgari surilgan g‘oya va fikrlar, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda amalga oshirilishi belgilangan asosiy vazifalar, ularni samarali tashkil etish yo‘llari xususida keng tushuncha va ma’lumotlar o‘rtaga tashlandi.

– Murojaatnomada qirqqa yaqin yo‘nalishlar qamrab olingan bo‘lib, unda iqtisodiyot masalalariga ham juda katta o‘rin ajratilgan, − dedi “Shaxta usulida ko‘mir qazib olish koni” filiali bosh muhandisi Jamoliddin Alimqulov. – Biz tadbir jarayonida Murojaatnomada belgilab berilgan vazifalar ijrosi bo‘yicha nimalarga e’tibor qaratish lozimligi xususida bilim va tushunchalarga ega bo‘ldik. bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiy jihatdan taraqqiy topib bormoqda. Bu esa boshqa sohalar, jumladan, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish imkonini beradi. Murojaatnomada bu o‘z aksini topgani bizni quvontiradi.

− Murojaatnomada Vatan taqdiri bilan chambarchas bog‘liq masalalar, ayniqsa, yoshlar tarbiyasi, sog‘liqni saqlash, koronavirus balosidan asrash, aholini ijtimoiy himoyalash yo‘nalishlaridagi muhim vazifalar aniq belgilab berilgan bo‘lib, bu kundalik ish faoliyatimizda dasturilamal vazifasini o‘taydi, korxonamizda mehnat jamoalaridagi targ‘ibot ishlarini samarali amalga oshirishda bizga yordam beradi, − dedi “Avtomobil-texnologik transporti” filiali kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Rahmatjon Ahmataliyev.

Savol-javob tarzida kechgan davra suhbatida ishtirokchilar Murojaatnoma yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldi.

“2021 yil: yangi marralar, yakdil qadamlar” shiori ostidagi ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari jamiyat korxonalarida davom etmoqda.

Ne’mat DUSHAEV,

“O‘zbekko‘mir” AJ axborot xizmati rahbari.

O‘zA