Senatning o‘ninchi yalpi majlisida “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi, “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hamda “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonun bilan kelgusi yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va konsolidatsiyalashgan Davlat byudjeti prognozlari hamda 2022-2023 yillar uchun byudjet mo‘ljallari belgilanmoqda.
Makroiqtisodiy siyosatning asosiy yo‘nalish va ko‘rsatkichlari kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasi davom etishi taxminlaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgan.
Bunda asosiy e’tibor makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish, fiskal rag‘batlantirish choralarini mo‘’tadillashtirish, iqtisodiy o‘sish sur’atlarining 5 foizdan yuqori bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan.
Inflyatsiya darajasining pasayish tendensiyasi davom etishi va kelgusi yilda uning 10 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Qayd etilganlardan kelib chiqib, 2021 yilda Konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 178,5 trillion so‘mga yoki yalpi ichki mahsulotning
25,9 foizi darajasida prognoz qilingan.
Davlat byudjeti daromadlari 147,2 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 21,3 foiz miqdorida belgilanmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 26,2 trillion so‘m, xarajatlari esa 40,8 trillion so‘m miqdorida rejalashtirilgan.
Davlat maqsadli jamg‘armalariga respublika byudjetidan 15,9 trillion so‘m mablag‘ ajratish ham belgilangan.
Bundan tashqari, “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bilan byudjet tizimi va byudjet jarayonini takomillashtirish choralari belgilanmoqda.
Ushbu choralarning Byudjet va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar hamda “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi va “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartish kiritish orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, majlisda “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ham ko‘rib chiqildi.
2021 yilda soliq siyosatini takomillashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish orqali soliq yig‘iluvchanligiga erishish Qonunning asosiy maqsadidir.
Shunga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun va O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish kiritilmoqda.
Soliq kodeksi normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini ta’minlash maqsadida tegishli soliq stavkalarini bosqichma-bosqich bazaviy stavkalarga yetkazishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar ham kiritilmoqda.
Senat a’zolari tomonidan mazkur qonunlar ma’qullandi.

Yalpi majlisda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020 yil to‘qqiz oyidagi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining hisoboti eshitildi.
Qayd etilganidek, “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunning ijrosi belgilangan parametr doirasida jahon iqtisodiyotida kechayotgan murakkab jarayonlarni inobatga olgan holda tashkil etilgan.
Byudjet ijrosida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish yuzasidan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari hamda Inqirozga qarshi kurashish komissiyasining qarorlari ijrosiga alohida e’tibor qaratilgan.
Makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sish sur’atlariga erishish maqsadida hisobot davrida yalpi ichki mahsulot hajmi joriy narxlarda 408,3 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,4 foizga o‘sgan.
Davlat byudjeti daromadlari 94,4 trillion so‘mga bajarilib, belgilangan prognozdan 2,9 foizga ko‘p bo‘lgan. Xarajatlari esa 102,2 trillion so‘mni yoki YAIM ga nisbatan 25 foizni tashkil etgan.
Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun jami 53,7 trillion so‘m sarflanib, bu umumiy xarajatlarning 52,5 foizini tashkil etgan.
Shuningdek, senatorlar hisobot davrida xarajatlar rejaga nisbatan kam ijro qilinganligi, xususan, joriy xarajatlar va kapital qo‘yilmalar to‘liq moliyalashtirilmaganligi kabi holatlar mavjudligiga e’tibor qaratdi.

Shu bilan birga, senatorlar tomonidan joylarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari va sog‘liqni saqlash muassasalarini qurish, mavjudlarini mukammal va joriy ta’mirlash, ularni zamonaviy vositalar bilan jihozlash, qolaversa, hududlardagi ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlashga e’tiborni oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Majlisda Oliy Majlis Senatining Davlat byudjetining 2020 yil to‘qqiz oyligidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqlash yuzasidan qarori qabul qilindi.