O‘zAning “Yil tanlovi”da “2020 yilning eng namunali vazirligi” yo‘nalishida ikkinchi o‘rinni O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Madaniyat vazirligi egalladi.
Mamlakatimizda sport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
Muhimi, jismoniy tarbiya va sportga berilayotgan e’tibor orqali millat genofondi sog‘lomlashadi. Sog‘lom millat esa ko‘p narsaga qodir bo‘ladi.
Karantin davrida xalqimizni uy sharoitida jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga da’vat etish maqsadida qator chellenjlar o‘tkazildi va bu jarayon hamon davom etmoqda.
Joriy yilda aholining turli qatlamlarini qamrab oladigan ommaviy sport tadbirlariga keng o‘rin beriladi. Maqsad aniq — yurtdoshlarimiz orasida faol sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmasini shakllantirish, aholi salomatligini yanada mustahkamlash.
Madaniyat va san’at sohasida ham qator ishlar amalga oshirildi, pandemiya davrida san’atkorlar teleknallarda jonli efirlar orqali xalqimizning ko‘nglini ko‘tardi.
O‘tgan yilda madaniyat va san’at sohasi vakillarining San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi tashkil etildi.
2021 yilda 22 teatr va madaniyat ob’ektlari yangidan quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Davlat-xususiy sherikligi asosida 20 ga yaqin madaniyat markazi va istirohat bog‘lari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Navoiy, Namangan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qo‘g‘irchoq teatrlari tashkil etiladi.
Ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari kalendar rejalari asosida o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.
Joriy yilda konsert-tomosha faoliyati ishtirokchilarining yagona onlayn portali ishga tushiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida ko‘chma sirklar hamda hayvonot bog‘lari, har bir tuman va shaharda o‘lkashunoslik muzeylari tashkil etiladi.
2021 yilda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish maqsadida sohaga axborot texnologiyalarni faol tadbiq qilish, raqamlashtirish ishlari izchil davom ettiriladi. Ommaviy tashrif buyuriladigan madaniyat va san’at ob’ektlariga kirish uchun elektron chipta joriy etiladi.
Muattar Burhonova, O‘zA