Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2020-2022 yillar davomida psixoaktiv moddalar bilan bog‘liq 20 mingdan ortiq noqonuniy holat aniqlangan
11:45 / 2023-03-15

bugungi kunda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar yoxud kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini iste’mol qiluvchilar ko‘payib borayotgani sir emas. Bu illat, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ham tarqalayotgani achinarli holat. Hatto umumta’lim maktablari atrofida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalirini, elektron sigaretlarni sotayotganlar borligi aniqlanmoqda. Bu kabi jirkanch holatlarning oldini olish, yoshlarni bu turdagi vositalar iste’molidan ehtiyot qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi tomonidan o‘tkazilgan “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi preparatlarning noqonuniy savdosi (maktab o‘quvchilari orasida ommalashayotgan)ning oldini olish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va ularning samaradorligi” mavzusidagi eshituvda shu haqda so‘z bordi. Unda Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining axborotlari eshitildi.  

Eshituvni kirish so‘zi bilan ochgan fraksiya rahbari Z.Ibragimova giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi preparatlarning noqonuniy savdosi ko‘payayotgani aholi, ayniqsa, yoshlar salomatligiga, kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlab, bu borada barcha tashkilotlar, keng jamoatchilik birgalikda kurash olib borishi lozimligini qayd etdi.    

 — “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonun giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishiga oid ijtimoiy munosabatlarni tartibga solib kelmoqda, — dedi eshituvda ma’ruza qilgan fraksiya a’zosi Tavakkal Choriyev. — 2017 yilga qadar mazkur qonunga 5 marta o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Mazkur qonunda belgilanganidek, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarga bo‘lgan ehtiyojlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy etilgan tartibda amalga oshiriladi. Shuningdek, ulardan tibbiy maqsadlarda vrachning tashxisi va retsepti bilan foydalaniladi.  

Ammo bugungi kunda ayrim dorixonalarda xalqaro patentlanmagan zaleplon, pregabalin, tropikamid, siklopentolat, siklodol, regapen, zardeks, selofen zaleplon, lirika kabi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu kuchli ta’sir qiluvchi vosita hamda psixoaktiv moddalar va giyohvandlik (narkotik) vositalarining yoshlar tomonidan iste’mol qilinishi holatlari ko‘paygan. Ayniqsa, Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Farg‘ona, Namangan, Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlarida o‘quvchilar bu turdagi vositalarni iste’mol qilayotgani aniqlanmoqda.    

Bu boradagi raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2020-2022 yillarda 33 nafar umumta’lim maktab o‘quvchilari psixoaktiv moddalar va narkotik vositalarni iste’mol qilgani aniqlangan. Shu davrda 15-17 yoshdagi 4 nafar, 18-29 yoshdagi 489 nafar yoshlar giyohvandlikka chalingan. Qolaversa, 15-17 yoshdagi 5 nafar va 18-29 yoshdagi 147 nafar yoshlar giyohvandlik moddalarini iste’mol qilgan, — dedi ma’ruzachi.  

Eshituvda mas’ul vazirlik va tashkilotlar vakillari ham ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berdi. Xususan, Ichki ishlar vazirligi vakili mayor N.Abdurasulov o‘z axborotida qayd etganidek, 2020-2022 yillar davomida psixoaktiv moddalar bilan bog‘liq 20 ming 857 ta noqonuniy  holat aniqlangan. 

Bu kabi holatlarga qarshi kurashish maqsadida har yili profilaktik tadbirlar o‘tkazib kelinadi. Jumladan, fevral oyida respublika miqyosida “Yoshlar orasida giyohvand vositalarning tarqalishiga qarshi kurash” shiori ostida, noyabr oyida esa “Tarkibida giyohvand vositalar, psixotrop moddalar bo‘lgan, shuningdek, kuchli ta’sir qiluvchi preparatlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish” tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.  

Eshituvda bojxona organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumotlar taqdim etildi. Qayd etilganidek, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir qiduvchi dori vositalari asosan Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston davlatlari bilan chegara hududlaridan yurtimizga kirib kelmoqda. 

Bu holatlarni bartaraf etish, psixoaktiv vositalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish hamda ularning oldini olish borasida doimiy kurash olib borilmoqda. Chegara postlari juda qimmat bo‘lishiga qaramay, “Bodi skaner”lar bilan ta’minlangan. Shuningdek, kinologiya markazi xodimlari va xizmat itlari tomonidan ham ko‘plab noqonuniy holatlar aniqlanib, oldi olinayotgani e’tirof etildi.   

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakili ham so‘zga chiqib, vazirlik tomonidan “Umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida giyohvandlikka qarshi profilaktik tadbirlar” va “Psixoaktiv moddalarga qaramlikning oldini olish” nomli o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlanib, ta’lim berish jarayonida foydalanilayotganini ta’kidladi.    

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA