Aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, oziq-ovqat mahsuloti iste’moli bilan bog‘liq bo‘lgan kasallanishlarning oldini olish insonlar salomatligida dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada yurtimizda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ammo amaldagi oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq qonun 1997 yilda qabul qilingan bo‘lib, bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermay qoldi. Natijada esa bu bilan bog‘liq kasalliklar ko‘payishiga ham sabab bo‘lyapti. Masalan, 2018-2022 yillarda ovqatdan zaharlanish holatlari 284 marotaba qayd etilgan. Shu bois, xalqaro talablardan kelib chiqib, “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi bilan oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini ta’minlash sohasida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi vazifa va vakolatlari aniq belgilanmoqda.

Shuningdek, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga sotuvchilarning oziq-ovqat mahsulotlarida yakuniy iste’mol muddati o‘tgan tovarlarni qabul qilish hamda realizatsiya qilishlarini man etish haqidagi norma kiritilmoqda.
Muhokamalarda so‘z olgan fraksiya a’zolari qonun loyihasining maqsadi O‘zbekiston Ekologik partiyasi dasturiy maqsadlariga hamohang ekanligini qayd etib, uni takomillashtirish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi. Loyihaning qabul qilinishi oziq-ovqat mahsuloti va ozuqa xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga, mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish va respublikaning eksport salohiyatini oshirishga, aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA