Mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning intellektual salohiyatini oshirish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi tizimining sifati va samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2017 yildan 2025 yilning o‘tgan to‘qqiz oyiga qadar oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga byudjet mablag‘lari va mustaqil izlanuvchilik asosida 56 ming 250 nafar tadqiqotchi qabul qilingan. Shundan 24 ming 18 nafari byudjet mablag‘lari hisobidan, 39 ming 378 nafari mustaqil izlanuvchilar hisoblanadi. Ushbu yillarda 3 ming 602 nafar talabgor fan doktori, 18 ming 874 nafar talabgor falsafa doktori ilmiy darajasida tasdiqlangan.

Dissertatsiyalar sifatini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, 2022-2025 yillarda oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot muassasalari tomonidan taqdim etilgan dissertatsiyalarning 59,5 foizi ekspertiza-tahlil natijalariga ko‘ra qayta ishlash uchun 1-5 martagacha qaytarilgan.

Hozirgi kunda 38 ming 39 nafar izlanuvchi oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarida tahsil olayotgan bo‘lib, 12 ming 902 nafari tayanch doktoranturada va doktoranturada, 327 nafari stajyor-tadqiqotchilikda, 24 ming 810 nafari mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy ishlarini olib bormoqda.

Bular haqda Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan yosh tadqiqotchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda aytib o‘tildi.

Muloqotda attestatsiya jarayonini raqamlashtirish, idoraviy axborot tizimlarini vazirlik va idoralar axborot tizimlariga integratsiya qilish, attestatsiya jarayonida talablarning yagonaligini ta’minlash, dissertatsiyalarning Internet tarmog‘ida ilmiy jamoatchilikning keng ishtirokida elektron ilmiy ekspertizadan o‘tkazilishini tashkil qilish bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surildi.
M.Komilova, O‘zA