Maktabgacha ta’lim vazirligida vazirlik huzurida tuzilgan Jamoatchilik kengashining ilk yig‘ilishi hamda sohada amalga oshirilgan ishlar va rejalashtirilgan vazifalar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Vazir Agrippina Shin, Jamoatchilik kengashi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja bola tarbiyasida maktabgacha ta’limning tutgan o‘rni, ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Mamlakatimizda bu borada olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar samaralari e’tirof etildi. O‘z o‘rnida mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Vazir o‘rinbosari Nodir Musliddinov maktabgacha ta’lim tizimi bo‘yicha 2017-2021 yillarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tahliliy ma’lumot taqdim etdi.
– 2017 yilda maktabgacha ta’lim tizimiga ajratilgan mablag‘larning (jami 2 trillion so‘m) YAIMdagi ulushi 0,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda 7,3 trillion so‘m ajratilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 1,06 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, Davlat byudjeti xarajatlari tarkibidagi ulushi 2017 yilda 4,46 foizni, 2021 yilda kelib 4,86 foizni tashkil etdi, – deydi N.Musliddinov. – 2017-2021 yillarda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi ikki barobardan oshdi. Jumladan, 2017 yilda maktabgacha yoshdagi bolalarning 708 ming nafari, 2020 yilda 1 million 700 ming nafari, (60,9 foiz) maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan bo‘lsa, bugungi kunga qadar qo‘shimcha 257 ming nafar (+ 8,5 foiz) bola qamrab olinishi hisobiga ularning soni 1 million 957 ming nafarga (69,4 foiz) yetdi.
Respublikadagi barcha bolalar uchun bir xil boshlang‘ich imkoniyatlarni yaratish yo‘lida har bir bolaning maktabga kirishidan bir yil oldin umumiy o‘rta ta’limga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonun bilan kafolatlandi. Endilikda bolalar maktabga chiqishdan oldin bir yillik majburiy bepul maktabga tayyorlovdan o‘tkazilmoqda. Joriy yil yakuniga kelib qamrab olingan 6 yoshli bolalar soni 589 ming nafarga (83,8 foiz) yetdi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni besh barobarga oshib, hozirda 28 ming 12 tani (2020 yilda 18 254 ta) tashkil etmoqda. Tizimga xususiy sektorning jalb qilinishi natijasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 250 tadan 21 ming 600 taga yetdi. Jumladan, davlat-xususiy sherikchilik sohasidagi oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 19 ming 672 taga yetdi.
2018-2021 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturlari doirasida 1 ming 424 ta (2021 yilda 199 ta) ob’ektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi natijada bolalar uchun qo‘shimcha 73 mingdan ziyod o‘rin yaratildi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash hamda sifatli ta’lim xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab Maktabgacha ta’lim vazirligi tasarrufidagi 96 ta pedagogika kollejlarida jami 54 ming 551 nafar talaba o‘qimoqda. Shundan, kunduzgi ta’lim shakli bilan bir qatorda 11 ming 300 dan ziyod talabalarni qamrab olgan holda ilk bor sirtqi, kechki va dual ta’lim shakllari ham joriy etildi.
Maktabgacha ta’lim tizimidagi pedagoglar soni 2017 yilda 58 ming 400 nafarni, 2021 yil yakunida esa 134 ming 641 nafarni tashkil etdi. Shuningdek, oliy ma’lumotli pedagoglar salmog‘i 21,6 foizdan 33,8 foizgacha yetkazildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari bilan birgalikda bolalarni ovqatlantirish standartlari, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxati hamda ovqat tayyorlash texnologiyasini ko‘rib chiqib, ushbu tamoyillarni amaliyotga tatbiq etish va bolalarning sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun taomlar retsepti kitobi ishlab chiqildi.
Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga qaramay, sohada hal etilishi lozim bo‘lgan dolzarb muammolar ham talaygina. Jumladan, 1,1 mingga yaqin MFYda maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud emas. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarining oylik maoshlari pastligi kadrlar qo‘nimsizligini keltirib chiqarmoqda, shuningdek tajribali kadrlarni jalb etish imkoniyatlarini pasaytirmoqda.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagog kadrlarining salohiyati past, rahbar va pedagog kadrlarning professional tayyorgarligi va mahoratini oshirib borishning samarali tizimi mavjud emas.
Ta’kidlanishicha, hozirda mazkur muammo va kamchiliklarni bartaraf etish borasida amaliy ishlar qilinmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA