2016-2025 yillar davomida respublikada iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlash hajmlari barqaror o‘sishni namoyon etdi. Energetika sohasida amalga oshirilgan tizimli islohotlar, yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi hamda elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish natijasida aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish imkoniyatlari kengaydi.
Energetika vazirligi axborot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda respublika iste’molchilariga 45,7 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib berilgan. 2017 yilda ushbu ko‘rsatkich 47,4 milliard kilovatt-soatni, 2018 yilda 50,5 milliard kilovatt-soatni tashkil etgan. 2019 yilda elektr energiyasi ta’minoti hajmi 52,7 milliard kilovatt-soatga, 2020 yilda esa 55,8 milliard kilovatt-soatga yetgan.
2021 yilda iste’molchilarga 59,1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib berilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 62,6 milliard kilovatt-soatni tashkil etgan. Keyingi yillarda ham o‘sish sur’atlari saqlanib qolib, 2023 yilda 66,1 milliard kilovatt-soat, 2024 yilda 67,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ta’minlangan. 2025 yilda esa respublika iste’molchilariga jami 71,0 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib berilgan.
Tahlillarga ko‘ra, 2025 yilda iste’molchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasi hajmi 2016 yilga nisbatan 25,3 milliard kilovatt-soatga yoki 55 foizga ko‘p bo‘lgan. Bu esa mamlakatda energetika tizimini rivojlantirish, elektr ta’minoti barqarorligini oshirish va iqtisodiyot hamda aholining o‘sib borayotgan talabini qondirishga qaratilgan chora-tadbirlar samarali amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA