Osiyo Taraqqiyot banki va ACWA Power o‘rtasida Qoraqalpog‘istonda 200 MVt quvvatga ega shamol stansiyasi va Markaziy Osiyodagi birinchi akkumulyator energiyasini saqlash tizimini o‘z ichiga oluvchi Nukus-2 loyihasi bo‘yicha 51 million dollarlik shartnoma imzolandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Markaziy Osiyodagi birinchi akkumulyator energiyasini saqlash tizimini o‘z ichiga oluvchi Nukus-2 loyihasi mamlakatni yiliga 727 ming MVt/s ortiq toza energiya bilan ta’minlaydi. Loyiha toza energiya bilan ta’minlash bilan birga CO₂ chiqindilarini kamaytiradi va 200 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.
Ushbu loyiha mamlakatimizning kam uglerodli energiya bosqichiga o‘tish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib hisoblanadi.
Loyiha shamol energiyasini akkumulyator asosida energiyani saqlash tizimi bilan birlashtirar ekan, elektr tarmog‘ining barqarorligi va energiya ta’minotining ishonchliligini oshiradi va davlatimizning 2030 yilgacha elektr energiyasini ishlab chiqarish tizimida qayta tiklanadigan energiya ulushining 54 foizini yetkazish maqsadini qo‘llab-quvvatlaydi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri