Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
200 ming gektar yer maydoni ochiq elektron tanlov orqali o‘n yilga ijaraga beriladi
10:04 / 2021-11-26

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish va ushbu sohada bozor mexanizmlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

2020 yilda respublikamizda qiymati 250 trillion so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilgan bo‘lib, 80 turdan ortiq mahsulotlar dunyoning 66 mamlakatiga eksport qilinmoqda. Shuningdek, 2016-2021 yillar oralig‘ida meva va dukkakli mahsulotlar eksporti 2 baravar ortgan.

Joriy yilning 23 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Qarorga muvofiq, past hosilli paxta va g‘alladan qisqartirilgan 200 ming gektar yer maydonini bosqichma-bosqich zaxiraga qaytarish va ushbu yer maydonlarini 0,1–1 gektar o‘lchamlarda ochiq elektron tanlov o‘tkazish orqali dehqon xo‘jaliklari tashkil etgan holda sabzavotchilik, poliz, dukkakli va moyli ekinlar yetishtirish uchun fuqarolarga 10 yilga ijaraga berish belgilandi.

Bunda, ijaraga berish bo‘yicha materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish va kelishish ishlari “E-IJARA” axborot tizimi, ochiq elektron tanlov o‘tkazish “E-AUKSION” orqali amalga oshiriladi.

Yana bir jihati, ushbu tanlovlar o‘tkazilishida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda yaxshi natijalarga erishgan, ushbu sohada tayanch mutaxassislikka ega bo‘lgan fuqarolar, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarga alohida ustuvorlik beriladi.

Shuningdek, dehqon va fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi boshqa korxonalarga kichik intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik, poliz, dukkakli va moyli ekinlar yetishtirishga doir loyihalari uchun “Har bir oila–tadbirkor” dasturi shartlari asosida yillik 14 foiz stavkada 100 million so‘mdan oshmagan miqdorda kreditlar ajratilishi belgilandi.

Ushbu kreditlar kichik intensiv bog‘dorchilik va uzumchilik uchun 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga, poliz, dukkakli, moyli ekinlar va sabzavotchilikka 6 oygacha imtiyozli davr bilan 2 yilgacha muddatga, shuningdek, hokim yordamchilarining yozma tavsiyasiga asosan ajratilishi qayd etilgan.

Bundan tashqari, qarorga binoan dehqon xo‘jaliklari uchun qisqa muddatli intensiv o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tuzilib, tarkibi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, kichik intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz, dukkakli va moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik yo‘nalishlari, shuningdek, ochiq elektron tanlovda ishtirok etish bo‘yicha malakali trener-konsultantlarni tayyorlab, ular yordamida dehqon xo‘jaliklari uchun qisqa muddatli intensiv o‘quv kurslarini tashkil etish ishchi guruhning asosiy vazifasi etib belgilandi.

 

A. Bekmirzayev,

Adliya vazirligi mas’ul xodimi.