Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
200 ming dollarlik loyiha amalga oshirildi
20:33 / 2023-09-16

16 sentyabr – Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuni

Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuni munosabati bilan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filialida energiya tejamkor va ozon qatlami uchun xavfsiz bo‘lgan yangi loyiha – markazlashgan sovutish tizimi foydalanishga topshirildi.

Yer sayyorasidagi tabiiy muvozanatni saqlash, ekologik barqarorlikni ta’minlashda ozon qatlami muhim o‘rin tutadi.  

Mamlakatimizda ham bugun ekologiyani yaxshilash, atrof muhit musaffoligini saqlash orqali ozon qatlami yemirilishiga qarshi choralar izchillik bilan amalga oshirilib, xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalar bilan ham bir qator loyihalar amalga oshirilyapti.    

[gallery-13613]

Olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, ozon qatlamining yemirilishiga asosiy sabab sifatida sovutish texnikalari, tarkibida galogenlar bo‘lgan kimyoviy moddalarning sanoat va qurilish sohasida keng qo‘llanishi ko‘rsatilgan.  

Bu borada yurtimizda ham xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ilg‘or, samarali vositalar va inovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali, ozon qatlamiga yetkazilayotgan zararlarni kamaytirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotganini  ta’kidlab o‘tish joiz.  

– Mazkur hamkorlikdagi loyiha ozon qatlamini asrash yo‘lida muhim  ekanini alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim, – deydi ushbu loyiha rahbari Elmurod Nazarov. –Loyihaning umumiy qiymatiga 200 ming AQSH dollarini tashkil etadi.  48 ming dollari byudjet mablag‘lari,  152 ming AQSH dollari esa BMT Taraqqiyot dasturi va “Global ekonomik fond” tomonidan ajratilgan grant hisobidandir. Jizzaxda amalga oshirilgan bu loyihamiz muvaffaqiyatli chiqsa, keyin boshqa viloyatlarda ham barpo etishni boshlaymiz.Bulardan tashqari, ekologiya, atrof-muhitni asrash yo‘lida yashil hududlarni kengaytirish, cho‘llanishning oldini olish, suvni tejashga qaratilgan qator samarali loyihalarni ham yurtimizga olib kirish niyatimiz bor.

– Ozon qatlami borgan sari yemirilib ketishda davom etmoqda. Ushbu hamkorlikdagi loyihani amalga oshirishdan ko‘zlangan maqsad – ana shu borgan sari globallashib borayotgan muammoning oldini olish. Mazkur markazlashgan energeya tejamkor sovutish tizimini o‘rnatish bilan ozon qatlamiga imkon qadar zarar yetkazmaydigan va global isitish salohiyati kam bo‘lgan moddalarga o‘tiladi. O‘zbekiston bo‘yicha bu birinchi loyiha hisoblanib, sinov sifatida RSHTYOIM Jizzax filialida amalga oshirdik va bundan juda xursandmiz. Bu kabi loyihalar boshqa davlatlarda ham qo‘llanilgan. O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham loyihani samaradorligiga qarab kengaytirib boramiz, – deydi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari janob Anas Fayyad Karman.    

Ma’lumot o‘rnida, 1994 yil 19 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi har yil 16 sentyabrni “Xalqaro ozon qatlamini himoya qilish kuni” sifatida nishonlashni taklif etgan bo‘lib, bu 1987 yilda ozon qatlamini yemiruvchi moddalarni ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni tartibga soluvchi Monreal (Kanada) bayonnomasining imzolanishi bilan bog‘liq.  

Ozon qatlami bizni quyoshning zararli ultra binafsha nurlaridan himoya qiladi va Monreal bayonnomasi BMTga a’zo barcha 198 ta davlat tomonidan qabul qilingan muvaffaqiyatli ekologik kelishuvdir. Global hamkorlik, sayyoramizdagi hayot va kelajak avlodlarni himoya qilishning eng muhim shartidir.  

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),  

O‘zA muxbirlari