English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
200 million so‘mlik davlat xaridi bekor qilindi
10:23 / 2023-03-11

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi buyurtmasi asosida “Ayollar daftari”da turgan fuqarolarga tikuv mashinalari xarid qilish yuzasidan o‘tkazilgan 200 million so‘mlik davlat xaridida bir qator qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Bu Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan olib borilgan monitoringda aniqlandi.    

Mazkur davlat xaridi bo‘yicha “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasi (Raqobat va xolislik prinsipi), 23-moddasi (Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi), 14-moddasi (Manfaatlar to‘qnashuvi), 42-moddasi (Ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish shartlari) va 46-moddasi (Davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) talablari buzilgan. Jumladan, davlat xaridlarida ishtirok etgan uchta talabgorlardan ikkitasi bir shaxsga tegishli ekani, ya’ni o‘zaro affillangani holatlari mavjudligini ko‘rsatdi.  

Ushbu davlat xaridi bo‘yicha Xarid komissiyasi tomonidan foydalangan kompyuterlarning IP-manzillari ma’lumoti o‘rganilganda, xarid komissiyasining barcha a’zolari 5 daqiqa vaqt ichida IP-manzili bir kishiga tegishli bo‘lgan kompyuter orqali boshqarilib, xarid natijalari baholangan va bayonnoma rasmiylashtirilgan. 

Bundan tashqari, xaridda ishtirok etgan uchta ishtirokchining hujjatlari ham Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligiga tegishli bo‘lgan kompyuterning IP-manzili orqali maxsus elektron platformaga yuklangani ma’lum bo‘ldi.  

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmatidan xabar berishlaricha, mazkur holatlar bo‘yicha Xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi va chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi.  

Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish uchun Samarqand viloyat hokimligiga so‘rovnoma kiritildi.  

Viloyat hokimligi tomonidan taqdim etilgan xatga ko‘ra, taqdimnomada qayd etilgan kamchiliklar bartaraf etilib, Xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilingan. O‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan Xarid komissiyasining raisiga nisbatan ma’muriy, bir nafar komissiya a’zosiga esa intizomiy javobgarlik qo‘llanilgan.  

O‘zA