Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
200 milliard soʻmlik shartnomalar imzolanadi
18:26 / 2020-03-10

Guliston shahridagi “Alpomish” sport majmuasida hududiy savdo-sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi boʻlib oʻtmoqda.


Guliston shahridagi “Alpomish” sport majmuasida hududiy savdo-sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi boʻlib oʻtmoqda.

Unda Sirdaryo viloyatidan 140 dan ortiq sanoat, qurilish, ishlab chiqarish korxonalari, yirik tadbirkorlik, kichik va xususiy biznes subyektlari hamda Samarqand, Toshkent, Andijon va Namangan viloyatlaridan 10 dan ortiq zamonaviy ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan yirik korxonalar ishtirok etmoqda.

Tadbirda, mahalliy tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, davlat organlari tadbirkorlarga amaliy koʻmak berishi, ularning murojaatlari va dardu-tashvishlariga jiddiy yondashishlari lozimligi, oʻzaro ishlab chiqarish kooperatsiyalarini jadallashtirish, kommunikatsiya, fikr almashish, mahsulot ayirboshlash, manfaatlarning uygʻunligi masalalariga eʼtibor qaratish lozimligi alohida taʼkidlandi.

– Ushbu yarmarkani oʻtkazishdan asosiy maqsad sanoatning turli tarmoqlari korxonalariga qayta ishlangan xomashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va tayyor tovarlarni ishlab chiqarish hamda yetkazib berish boʻyicha uzoq muddatli xoʻjalik munosabatlarini kengaytirish, tarmoq va tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish asosida yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga koʻmaklashishdan iborat, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Sirdaryo viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi Mansur Sherbekov. – Shuningdek, xorijlik xaridorlar va Sirdaryo viloyatida mahsulot ishlab chiqarishni rejalashtirayotgan boʻlajak sheriklarni jalb qilish hamda katta miqdorda shartnomalar tuzishdek muhim vazifalarni amalga oshirishni ham nazarda tutganmiz.

– Bankimiz – tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar bilan har taraflama mustahkam aloqa oʻrnatgan, mijozlarimiz safida “Bek klaster”, “Boyovut gʻisht” zavodi, “Guliston ekstra yogʻ” aksiyadorlik korxonasi, “Sirdaryo Darmon servis” masʼuliyati cheklangan jamiyat, “Ravshan Davolash maskani” kabi yirik ishlab chiqaruvchilar va 50 dan ziyod xizmat koʻrsatish subyektlari mavjud, – deydi “Asakabank” Sirdaryo viloyati filiali xodimi Bahrom Abdurasulov. – Tadbir ishtirokchilariga bank kredit liniyalarimiz haqida batafsil maʼlumotlar berib, mijozlarimiz safini yana-da kengaytirishni rejalashtirganmiz.

– Hududiy savdo-sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi ishtirokchilari uchun viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “Huquqiy maslahat burchagi” tashkil etilgani ayni muddao boʻlibdi, – deydi Shirin shahridagi “Yorugʻ Nur servis” MCHJ rahbari Chingiz Oʻrishboyev. – Biz huquqshunoslardan oʻzimiz uchun kerakli boʻlgan huquqiy maslahatlar, sohaga oid huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati haqida atoflicha tushunchalar oldik. Buning uchun tashkilotchilardan minnatdormiz.

– Bizga tadbir ishtirokchilaridan biri “Farm Agro Impeks” MCHJ ijrochi direktori Zayniddin Sharipov murojaat qilib, Yangiyer shahrida 10 gektarlik issiqxonasi mavjudligi, u toʻla quvvat bilan ishlasa, nafaqat Yangiyer shahri aholisini, balki, viloyat fuqarolariga yetgulik mahsulot ishlab chiqarishi mumkinligi, ammo, Yangiyer shahrida elektr taʼminotida uzluksiz uzilishlar boʻlayotganligi tufayli faoliyatida ayrim muammolar yuzaga kelayotgani taʼkidlab, bu borada amaliy yordam soʻradi, – deydi viloyat adliya boshqarmasi Ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish boʻlimi boshligʻi Sanjar Oʻrmonov. – Ushbu masalani tadbirda ishtirok etayotgan viloyat elektr taʼminoti rahbarlari eʼtiboriga havola qildik. Ular qisqa fursatlarda ushbu muammo yechimini hal qilishga vaʼda berdi. Ammo bu masala yechimini topgunga qadar bizning nazoratimizda boʻladi.

Hududiy savdo-sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasining rasmiy qismida viloyat hokimi, senator Gʻofirjon Mirzayev soʻzga chiqib, tadbir ishtirokchilarini qizgʻin qutladi, qoʻshni va boshqa viloyatlardan tashrif buyurgan tadbirkorlarga minnatdorlik bildirdi va yarmarka ishiga, tadbirkorlarning hamkorlik faoliyatlariga rivoj tiladi.

– Prezidentimiz tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda, – dedi viloyat hokimi Gʻ.Mirzayev. – Biz ham ushbu tizimni yana-da chuqurroq oʻzlashtirib, rivojlantirish masalasini kun tartibimizdagi dolzarb masala deb belgilashimiz, ularni har taraflama qoʻllab-quvvatlashimiz, faoliyatiga toʻsiq boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday omil bilan kurashishimiz lozim va shart.

Tadbirda 200 milliard soʻmlik shartnomalar tuzishdek katta maqsadlar belgilangan. Ishlab chiqarish korxonalari oʻzlarining 450 turdan ortiq mahsulotlarini yarmarkada namoyish etib, yangi hamkorlar bilan istiqbolli loyihalarni imzolamoqda. Bu esa viloyatda sanoat, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishni yana-da kengaytirish, kooperatsiya aloqalarini yana-da mustahkamlash, tadbirkorlik faoliyatini keskin rivojlantirish imkonini beradi.

Guliston shahrida oʻtayotgan kooperatsiya birjasi va hududiy savdo-sanoat yarmarkasi qizgʻin davom etmoqda.