Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
20 yoshida kashshofga aylangan shoh va shoir
12:44 / 2022-02-14

Bobur xalqimizning har jihatdan yetuk, g‘oyat iste’dodli bir farzandi edi.

«Bobur fe’li – sajiyasiga ko‘ra Sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir», – deb yozadi uning tarjimonlaridan Eduard Xolden.

U o‘ta notinch, sarson-sargardonlikda kechgan umrini zo‘r salohiyati tufayli jozibali qila oldi. Uning hayoti faqat qahramonliklar ila emas, ijodkorlik, bunyodkorlik bilan ham to‘la edi. U 20 yoshida yangi bir yozuv – «Xatti Boburiy»ni kashf qildi. Ajoyib she’rlar yozdi, devon targ‘ib qildi. «Boburnoma»day ulkan tarixiy-badiiy asarni yaratdi. Musiqa bilan shug‘ullandi. «Chorgoh» maqomiga «savt»lar yaratdi. 
Bobur o‘zbek va tojik tillarida erkin ijod etdi. Bobur she’rlarining ma’lum qismi hasbi xol xususiyatiga ega bo‘lib, shoir hayotining muayyan bir lavhasi bilan bog‘lanadi. Har bir she’rning yozilish tarixi bor.

Bobur lirik asarlarining mavzu ko‘lami keng va xilma-xildir. U voqealikni, xususan, ijtimoiy fikrni, ijtimoiy hayotni kengroq qamrab olishga harakat qiladi va bu sohada ko‘pgina yutuqlarni qo‘lga kiritadi. Kishilarning ma’naviy qiyofasi, din, tasavvuf, hokimiyat va ma’rifat masalalari, yor va unga bo‘lgan muhabbat, vatan haqidagi o‘ylar, unga intilish, zamondan norozilik, hayotni sevish Bobur lirikasining mavzulari hisoblanadi. Murakkab va ziddiyatli hayot va kurash yo‘lini bosib o‘tgan Boburning o‘zi bu lirikaning markaziy qahramonidir.

Boburning ko‘pgina she’rlarining mazmunini Vatan ishtiyoqi, g‘urbat hasratlari, sog‘inch kayfiyati tashkil etadi. Bu bevosita shoirning murakkab hayoti va kurash yo‘li, shodiyona alamli sarguzashtlari bilan bog‘liq. Bobur temuriylar saltanatini saqlab qolish, Movarounnahrda yirik va mustahkam davlat qurishga intildi. Biroq bu orzulari amalga oshmadi. U vatanini tashlab ketdi. Undan olisda ko‘plab mashaqqatlarni boshidan kechirib yashadi. Bularning hammasi shoir qalbidan qog‘ozga ko‘chdi, she’rga aylandi:

Ko‘ngli tilagan murodga yetsa kishi,
Yo barcha murodlarni tark etsa kishi.
Bu ikki muyassar o‘lmasa olamda,
Boshni olib bir sorig‘a ketsa kishi,– deydi shoir.

Shoir she’rlarining bir qismi an’anaviydir. Lekin deyarli hammasi benihoya samimiy tuyg‘ular bilan yo‘g‘rilgan. Bobur she’rlarining ko‘pchiligi Vatan haqidadir. Ular Vatandan judolik azobi, u bilan birga bo‘la olmaslik iztiroblarini ifodalaydi. Shoir bularning hammasini taqdirdan deb biladi. O‘zini baxtsiz, tole’siz deb hisoblaydi. Tole’sizlik bilan chiqisha olmaydi. Alam bilan Kobulni, Hindistonni zabt etadi, biroq bundan ko‘ngli taskin topmaydi. Hech bir yurt uning uchun o‘z Vatanidek bo‘lmaydi. Aksincha, «Hind sori» borishni «xatolig‘», «yuz qarolig‘» hisoblaydi. Shoir yozadi:

 Tole’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
 Ne ishnikim ayladim, xatolig‘ bo‘ldi.
 O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim,
 Yorab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi.

Xalqimizda shunday ajoyib bir naql bor: «Yaxshilik qil, suvga sol, suv bilmasa, baliq bilar, baliq bilmasa, xoliq bilar»! Har qanday holda ham yaxshilik qilmoq kerak. Bu Bobur hayotining ham, ijodining ham bosh shiorlaridan edi. 
 Boriga elga yaxshiliq qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q,   Kim degaylar daxr aro qoldi falondin yaxshilig‘, – deb yozadi u. Shoir fikricha, yaxshilik ham, yomonlik ham albatta qaytadi. Qaytmasdan iloji yo‘q. Uning ruboiylaridan birida shunday misralarni o‘qiymiz:

 Har kimki, vafo qilsa, vafo topqusidir,
 Har kimki, jafo qilsa, jafo topqusidir. 
 Yaxshi kishi ko‘rmagay yamonlig‘ hargiz,
 Har kimki yamon bo‘lsa, jazo topqusidir.

Xulosa shuki, Bobur she’riyatining mavzusi xilma-xildir. Unda hayotga qaynoq mehr aks etgan jo‘shqin g‘azallar ham, afsus-nadomat to‘la she’rlar ham o‘rin olgan. Shoir goh dunyoning achchiq-chuchugini tatib ko‘rgan kishi sifatida falsafiy mushohada yuritadi, odamlarni har qanday holda yaxshilik qilishga chorlaydi.

Amriddin Ikromov, Toshkent davlat transport universiteti 

akademik litseyi, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari