English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
20 ta qurilish kompaniyasi mamlakat soliq tushumining 17 foizini ta’minladi
17:42 / 2025-11-13

O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida mamlakat bo‘ylab faoliyat yuritayotgan 30 ming 384 ta qurilish korxonasi davlat byudjetiga jami 6,3 trillion so‘mdan ortiq soliq to‘lagan.

Bu ko‘rsatkich so‘nggi yillardagi qurilish sohasidagi faollikning ortishi va iqtisodiyotdagi investitsion jarayonlar kuchayganini anglatadi.

Umumiy soliq tushumining 16,7 foizi, ya’ni 1 trillion so‘mdan ortiq qismi 20 ta yirik qurilish kompaniyasi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ushbu yetakchi korxonalarning jami tovar aylanmasi 18 trillion so‘mdan ziyod bo‘lib, ular tomonidan foydalanilgan soliq imtiyozlari 328,5 milliard so‘mni tashkil etgan.

Bu raqamlar tarmoqda konsentratsiya yuqori ekanini, ya’ni bozorning katta qismi ayrim yirik ishtirokchilar qo‘lida ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, davlat tomonidan imtiyozlar orqali ularning investitsiya faolligini qo‘llab-quvvatlash tendensiyasi ham kuzatilmoqda.

To‘plangan soliqlar quyidagicha taqsimlandi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) — 512,1 milliard so‘mni, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i — 192,2 milliard so‘mni, ijtimoiy soliq — 180,6 milliard so‘mni, foyda solig‘i — 153,9 milliard so‘m, boshqa turdagi soliqlar — 27,2 milliard so‘mni tashkil etadi.

Bundan ko‘rinib turibdiki, qurilish sohasidagi asosiy soliq manbai — QQS hisoblanadi. Bu sohada tovar aylanmasi va material xarajatlari katta bo‘lgani uchun QQS ulushi yuqori bo‘lishi tabiiy hol.

E’tiborli jihati, so‘nggi ikki yilda qurilish sohasi O‘zbekiston iqtisodiyotining eng faol tarmoqlaridan biriga aylandi. Markaziy va mahalliy loyihalar, uy-joy dasturlari, infratuzilmani yangilash ishlari hamda xususiy investitsiyalarning ko‘payishi sohaga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, qurilish materiallari importidagi o‘zgarishlar va ichki bozordagi narxlar dinamikasi soha foydasiga ta’sir etmoqda. Davlat tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash choralari (imtiyozlar, kreditlar, davlat buyurtmalari) ham yuqori faollikni ta’minlamoqda.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA