20 sotixdan 20 million sof foyda
Jizzax viloyatida joriy yilda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha 1 ming 242 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Jizzax viloyatida joriy yilda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha 1 ming 242 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-iyundagi “Jizzax viloyatida aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish hamda tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Mirzacho‘l tumanidagi “Azizbek-Tohir” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 20 sotix maydonda barpo etilgan issiqxonadan 20 million so‘m sof foyda olindi. Mas’uliyati cheklangan jamiyatning 5 kishilik jamoasi o‘tgan yili oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish sohasida yangi loyihani amalga oshirishga kirishgan edi. Xalq bankining 60 million so‘m kredit mablag‘i hisobidan barpo etilgan mo‘’jaz issiqxona atigi bir yilda mo‘may daromad keltira boshladi.
Issiqxonaga 320 tup limon ko‘chati o‘tqazilib, yerdan samarali foydalanish uchun qator oralariga boshqa ziroat turlari ham ekildi. Xususan, limon ko‘chatlari oralariga ekilgan pomidor, bulg‘or qalampiri, bodringdan ham yaxshi hosil olindi. Bundan tashqari, turli gul ko‘chatlari yetishtirib sotish ham yo‘lga qo‘yildi.
Ayni kunlarda issiqxonada cho‘l iqlim sharoitga yaxshi moslashgan “Berta” navli pomidor ko‘chatlari parvarishlanayotir. 70 kunda yetiladigan pomidorning ushbu navi serhosilligi bilan ham mashhur. Jamoa pomidor hosilini qishning daslabki oyida sotuvga chiqarishni rejalashtirgan.
– Prezidentimizning joriy yil 9 oktyabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiruvchilar imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladigan yana bir muhim hujjat bo‘ldi, – deydi "Azizbek-Tohir" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Rashid Mamatqulov. – Davlatimiz oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiruvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlayotgani el-yurt dasturxoni yanada to‘kin bo‘lishiga xizmat qilayotir. Bankdan olingan kreditni limon ko‘chatlari hosilga kirguncha oraliq ekinlardan olinadigan daromad hisobidan qoplaymiz.
Jamoa orttiryotgan daromad bank kreditini so‘ndirishdan tashqari faoliyatni yana kengaytirish imkonini bermoqda. Ayni paytda jamoa issiqxonani yanada kengaytirib, apelsin yetishtirishni yo‘lga qo‘yish tadorigini ko‘rayotir.