English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
20 oktyabr – Butunjahon statistika kuni
14:03 / 2023-10-20

BMT Bosh Assambleyasining 2010 yil 3 iyundagi rezolyutsiyasiga asosan 20 oktyabr – Butunjahon statistika kuni deb e’lon qilingan. Ushbu sana har besh yilda bir marotaba keng miqyosda o‘tkaziladi.

Mazkur rezolyutsiyaga ko‘ra, BMT barcha a’zo mamlakatlarni, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarni, ilmiy-tadqiqot institutlarini, ommaviy axborot vositalarini, rasmiy statistikaning barcha foydalanuvchilarini ushbu kunni keng bayram qilishga, shu bilan birga statistik ma’lumotlarning ochiq, xolis va haqqoniyligini ta’minlashga chaqiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi O‘zbekiston Respublikasi Open Data Inventory (ODIN) ochiq ma’lumotlar reytingida 195 ta mamlakat orasida 70 ball bilan 30-o‘ringa ko‘tarildi hamda Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni saqlab qoldi. ODIN 2023 yildan boshlab Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) indikatorlari qatoriga kiritildi. Bu, o‘z navbatida, reytingning nufuzi oshishiga va 2030 yilga qadar BRM maqsadlariga erishishni monitoring qilishda mamlakatlarning ochiq ma’lumotlardan kengroq foydalanilishiga olib keladi.

Agentlik tomonidan 2017 yilda 6 ta xalqaro tashkilotning 20 ga yaqin savolnomalari to‘ldirilgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib 17 ta xalqaro tashkilotning 49 turdagi savolnomasi asosida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlariga oid ma’lumotlar taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Statistika sohasida qabul qilingan xalqaro tavsiyalar va standartlarni Milliy statistika tizimiga joriy qilish, xalqaro tajribani o‘rganish va tizim faoliyatini doimiy ravishda takomillashtirib borish maqsadida 10 dan ziyod xalqaro tashkilotlar hamda 11 ta xorijiy davlatlar statistika idoralari bilan faol xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN) va xalqaro ekspertlar tomonidan 2023 yilda e’lon qilingan BRM (SDG index) reytingida O‘zbekiston 71,1 indeks bilan 166 ta mamlakat orasida 69-o‘rinni egalladi. Bu natija 2022 yilga nisbatan 8 pog‘onaga oshgan. 2022 yilda O‘zbekiston 69,9 indeks bilan 77-o‘rinda qayd etilgan edi.

M.Komilova, O‘zA