Bugun AOKAda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva ishtirokida 2022 yilning 6 oyi davomida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda joriy yilning 6 oyi davomida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
– 2022 yilning 1 chorak yakuni bo‘yicha respublikada mehnat resurslari soni 19 million 400 ming nafarni tashkil etib, 2021 yilning shu davriga nisbatan 101,1 foizga yoki 220 ming kishiga oshgan, – dedi Mavjuda Mirzayeva. – Mehnat resurslaridan iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar soni 13 million 600 ming kishini tashkil etib, shundan rasmiy sektorda band aholi soni 6 million 100 ming nafarni, norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni 5 million 700 ming nafarni, respublikadan tashqariga ishga ketganlar soni 1 million 800 ming kishini tashkil etgan.
Ishga muhtoj bo‘lganlarning umumiy soni 1 million 400 ming kishini, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 9,2 foizni tashkil etdi. 2022 yilning 1 aprel holatida respublikamizda iqtisodiy nofaol aholi 4 million 400 ming kishi.
2022 yilning yanvar-iyun oylari davomida 438 ming ish bilan band bo‘lmagan shaxslarga bandlik xizmatlari ko‘rsatildi. Buning uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hamda Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 301 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Jumladan, tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan 210 ming nafar ishsiz, shuningdek, chet eldan qaytib kelgan fuqarolarni mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashishiga ko‘maklashildi. 13 ming ehtiyojmand shaxs ishga joylashtirildi.
Shuningdek, «Yagona milliy mehnat tizimi» elektron bazasi orqali 253 ming, shundan davlat tashkilotlarida 95 ming, xususiy sub’ektlarda 158 ming bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar aniqlandi. Mazkur bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ish.mehnat.uz va ish2.mehnat.uz saytlarida ommaga e’lon qilinib, ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Ishsiz fuqarolarni vaqtinchalik bandligini ta’minlash maqsadida Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari hamda buyurtmachi ish beruvchilar bilan hamkorlikda vaqtinchalik Haq to‘lanadigan jamoat ishlari tashkil etilib, mazkur ishlarga 108 ming fuqaro jalb etildi. 22 ming 247 nafar ishsiz «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarga 54,4 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratish orqali bandligiga ko‘maklashildi.
Kasb-hunarga hamda yetarli malakaga ega bo‘lmagan fuqarolarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarga o‘qitish maqsadida Ishga marhamat monomarkazlari, kasbga o‘qitish markazlari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarida kasbga o‘qitish maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mehnat organlari yo‘llanmalari asosida 2022 yil yanvar-iyun oylari davomida 76 ming 47 nafar ish bilan band bo‘lmagan fuqarolar kasb-hunarga, tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishga jalb etildi. Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan o‘qishga jalb qilingan shaxslarga stipendiya va o‘quv xarajatlari uchun 22 milliard 225 million so‘m mablag‘ sarflandi.
Shuningdek, berilgan axborotda qayd etilganidek, shu yilning o‘tgan olti oyida 20 mingdan ziyod ishsiz fuqaroga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 21 milliard 487 ming so‘m ishsizlik nafaqasi to‘langan.
Muhtarama Komilova, O‘zA