Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
20 mingdan ortiq talabgor bilimlarini tekshirdi
13:55 / 2026-01-12

Chet tillarini bilish zamonaviy ta’lim va kasbiy faoliyatning muhim talablaridan biri. Shu bois, fuqarolarning til bilish darajasini aniqlash maqsadida mamlakatimizda muntazam ravishda malaka imtihonlari tashkil etib kelinmoqda. Joriy yilning yanvar oyida ham ushbu yo‘nalishda navbatdagi imtihonlar o‘tkazildi.

2026 yil 10–11 yanvar kunlari chet tillarini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha malaka imtihonlari bo‘lib o‘tdi. Imtihon jarayonlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahrida tashkil etildi.  

Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, imtihonlarda jami 20 ming nafardan ortiq talabgor ishtirok etdi. Nazorat va shaffoflikni ta’minlash maqsadida belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy amal qilindi. Shuningdek, 28 nafar talabgor imtihon qoidalarini buzgani sababli jarayondan chetlatildi.

Gapirish ko‘nikmasini baholashga qaratilgan imtihonlar esa 2026 yil 12–16, 19–23 va 26 yanvar kunlari (dam olish kunlaridan tashqari) o‘tkazilishi belgilangan.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, imtihon natijalari Vazirlar Mahkamasining 73-sonli qarorida belgilangan tartibga muvofiq e’lon qilinadi. Mazkur malaka imtihonlari fuqarolarning chet tillarini bilish darajasini xolis baholash, ularning bilim va ko‘nikmalarini rasmiy ravishda tasdiqlashga xizmat qiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA