Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
20 ming 952 ta oila yarashtirildi
15:36 / 2021-02-01

O‘tgan yili mamlakatimiz bo‘yicha 19 ming 948 ta nizoli oila, 13 ta erta nikoh qayd etilib, 144 ta erta tug‘ruq holati aniqlangan.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyati yuzasidan o‘tkaziladigan brifingda ma’lum qilindi.

Olib borilgan tizimli ishlar natijasida ajralish yoqasiga kelib qolgan 20 ming 952 ta oila yarashtirildi, 12 ming 851 ta oilaning nikohi qonuniylashtirildi. Eng muhimi, oilaviy ajrimlar soni 2019 yildagiga nisbatan 3 ming 157 taga kamayishiga erishildi.

Vazirlik huzuridagi 1146 raqamli “Ishonch telefoni”ga qilingan murojaatlar asosida 412 ta holatda oilani tiklash, 176 ta holatda oilaviy munosabatlarni yaxshilash, 150 ta holatda oilaga uchinchi shaxs aralashuvi, 143 ta holatda oiladagi tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olish, 39 ta holatda oilaviy huquq, 24 ta holatda oila doirasidagi turli kelishmovchiliklar yuzasidan tezkor ravishda huquqiy, tibbiy, psixologik va boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatildi.

Brifingda taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimiz miqyosida mahallalari soni mingdan oshgan hudud sifatida Samarqand viloyati yetakchilik qiladi. Bu viloyatda hozirgi vaqtda 1 ming 100 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. Toshkent viloyatida 1 ming 48 ta, Farg‘ona viloyatida 1 ming 41 ta mahalla faoliyat ko‘rsatayapti.  

 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA