Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"20 kishini ish bilan ta’minladim" — imkoniyati cheklangan hunarmand ayol
14:32 / 2024-05-07

Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda «O‘zexpomarkaz» milliy ko‘rgazmalar zalida 1-2-may kunlari «Inson uchun» — nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar savdo ko‘rgazmasini tashkil qildi.

Ushbu ko‘rgazmada 200 ga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslarni band qilgan tadbirkorlar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va hunarmandlar o‘z mahsulotlari (mebel, tekstil, poyabzal, sport, oziq-ovqat, texnika, poligrafiya va boshqa turdagi tovarlar) bilan ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada ishtirok etgan hunarmandlardan biri — Gulshoda Sharipova hozir har qanday inson, imkoniyati cheklangan bo‘lsa ham, harakat qilsa, muvaffaqiyatga erisha olishini aytadi. Jumladan, u imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, 20 kishini ish bilan ta’minlaganini bildirdi.

"Faoliyatimni 3 ta tikuv mashinasi bilan boshlaganman. Hozir 20 kishini ish bilan ta’minladim. Kelgusida har bir viloyatda korxonamiz filialini ochish niyatidaman.

O‘tgan yili buyurtma asosida qurilish ishchilari uchun maxsus kiyimlar tikib, chet elga yetkazib berdim.

Hozir har qanday inson, imkoniyati cheklangan bo‘lsa ham, harakat qilsa, muvaffaqiyatga erisha oladi. Chunki zarur sharoitlarning barchasi muhayyo qilingan", — dedi Gulshoda Sharipova.

Ma’lumot o‘rnida, ko‘rgazma doirasida tadbirkorlar va hunarmandlarimiz bilan vazirlik, davlat hamda nodavlat notijorat tashkilotlar o‘rtasida 350 milliard so‘mdan ortiq shartnomalar imzolandi.

 

O‘zA