Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
20 avgust – Tadbirkorlar kuni
08:10 / 2025-08-20

Vatanimiz tarixidagi 20 avgust sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

Mamlakatimizda 20 avgust Tadbirkorlar kuni sifatida keng nishonlanadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev mazkur kasb bayramini ta’sis etish tashabbusini 2021 yil 20 avgustda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ilgari surgan edi. Har yili aynan shu kuni Prezidentning biznes va ishbilarmon  doiralar  vakillari bilan  ochiq  muloqoti o‘tkazilishi an’anaga aylangan. O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlar kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuni 2021 yil 23 dekabrda qabul qilingan. 

1377 yil (bundan 648 yil oldin) – Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li Shohruh Mirzo dunyoga keldi. Tarixchi olim Turg‘un Fayziyevning naqlga tayanib qayd etishicha, Shohruh Mirzo tug‘ilishi bilan bu xushxabarni Amir Temurga yetkazmoq uchun saroyga xabarchi yuboradilar. Ayni shu asnoda sohibqiron shatranj (shaxmat) o‘yini bilan mashg‘ul bo‘lib, qo‘lini “ruh” donasiga cho‘zganda, xabarchi kirib yangi mehmon dunyoga kelgani haqida xushxabarni yetkazadi. Sohibqiron qo‘lida ushlab turgan “ruh” donasiga boqarkan, miyig‘ida kulib ismi “Shohruh” bo‘lsin degan ekan.

1631 yil (bundan 394 yil oldin) – Hindistonda qariyb yetti yil istiqomat qilib Balxga qaytib kelgan yirik qomusiy olim Mahmud ibn Vali keyinchalik Buxoro xonligini boshqargan Nadr Muhammadxon (1606–1642 yillari Balx, 1642–1645 yillari Buxoro xoni)ning xizmatiga kirdi va to umrining oxirigacha uning kutubxonasida kitobdor bo‘lib xizmat qildi.

1883 yil (bundan 142 yil oldin) – Rossiyadan Toshkentga knyaz Vitgenshteyn keldi va bu yerda Buxoro amirining valiahdi Said Abdulahad To‘ra bilan uchrashuvlar o‘tkazib, unga Rossiya podshosi sovg‘asi bo‘lgan oltin qilichni topshirdi.

1913 yilning (bundan 112 yil oldin) – Behbudiy “Oyna” jurnalini nashr eta boshladi. U haftasiga bir marta nashr qilinib, unda asosan o‘zbek tilidagi maqolalar bosilgan, shuningdek, fors tilidagi she’r va maqolalar, rus tilidagi e’lonlar ham chop etilgan. Jurnal tarixi va muallifi hayotini jiddiy tadqiq etgan olim Begali Qosimov “Jurnal dastlab haftasiga bir marta, 1914 yildan boshlab esa, 15 kunda bir marta chiqqan. Kavkaz, Tatariston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston va Turkiya kabi davlatlarga ham tarqatilar edi”, – deb yozadi.

1932 yil (bundan 93 yil oldin) – iqtisodchi olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Murod Sharifxo‘jayev tavallud topdi (vafoti 2008 yil). U 1994–1995 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari va Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi raisi bo‘lgan. Uning ilmiy ishlari O‘zbekistonda kapital qurilishi, iqtisodiy nazariya, respublikaning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash, iqtisodiyotni erkinlashtirish, xalq xo‘jaligida tarkibiy o‘zgarishlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, aholini ish bilan ta’minlash va boshqa masalalarga bag‘ishlangan. 

1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasi (GFR) bilan siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamda madaniy sohalarda hamkorlik qilishi dasturlarini muvofiqlashtirish hamda jadal amalga oshirish, o‘zbekistonlik va germaniyalik sheriklar o‘rtasida o‘zaro foydali ishonch hamda manfaatdorlik muhitini shakllantirish, Germaniya sarmoyasini, boshqaruv tajribasini va texnologiyalarini jalb qilgan holda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan GFR bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha idoralararo komissiya tuzildi.

1998 yil (bundan 27 yil oldin) – Beruniy shahrida buyuk olim Abu Rayhon Beruniy muzeyi binosining poydevoriga birinchi g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

2009 yil (bundan 16 yil odin) – yurtimizda milliy davlatchilikni shakllantirish, mustaqil huquqiy demokratik davlat barpo etish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, davlatlararo hamkorlik, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan katta hissasi, ezgu an’analarni saqlash, madaniy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizni yuksaltirish, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat, milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasidagi ulkan xizmatlari uchun hamda 2200 yillik yubileyi munosabati bilan Toshkent shahrini “Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida Prezident farmoni qabul qilindi.

2010 yil (bundan 15 yil oldin) – Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Buxoro filiali tashkil etildi.

2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “«Namangan» erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni qaul qilindi.

2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Nukus yoshlar texnoparki faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qaul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA