Saudiya Arabistoni mezbonligida o‘tayotgan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogining ikkinchi tur uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi.
"A" guruhidan o‘rin olgan Vetnam ikkinchi turda Qirg‘izistonni 2:1 hisobida mag‘lub etdi va ochkolarini 6 taga yetkazib oldi. Iordaniya gollarga boy kechgan o‘yinda Saudiya Arabistoni ustidan 3:2 hisobida zafar quchdi. Natijada ushbu ikki jamoa 3 ochkodan jamlab, 2–3-o‘rinlarni band etdi. Qirg‘iziston esa hamon ochkosiz so‘nggi o‘rinda bormoqda.

Bugun, 12 yanvar kuni mazkur guruhda uchinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Unda Vetnam – Saudiya Arabistoni va Qirg‘iziston – Iordaniya yoshlar terma jamoalari to‘qnashuviga guvoh bo‘lamiz.
“B” guruhining ikkinchi turida Yaponiya BAA termasini 3:0 hisobida mag‘lub etdi va 6 ochko bilan chorak finalga muddatidan avval yo‘llanma oldi. Qatar va Suriya bahsi 0:1 hisobida yakunlandi. Natijada, BAA va Suriya 3 ochkodan jamlab, 2–3-o‘rinda qoldi. Qatar esa ochkosiz to‘rtinchi pog‘onaga tushib ketdi.

13 yanvar kuni o‘tadigan 3-tur uchrashuvlarida Yaponiya – Qatar bahsi shunchaki rasmiyatchilik uchrashuvi bo‘lsa, BAA va Suriya kelasi bosqich yo‘llanmasi uchun raqobatlashadi.
“C” guruhida ikkinchi turdan keyingi natijalarga ko‘ra, Janubiy Koreya va O‘zbekiston yoshlar terma jamoalari 4 ochkodan jamg‘arib, 1–2-o‘rinni egallab turibdi. Eron va Livan esa 3–4-o‘rinlarni band etgan.
13 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan uchinchi turda Janubiy Koreya – O‘zbekiston, shuningdek, Eron – Livan uchrashuvlarini kuzatamiz.
O‘yinni omanlik hakamlar brigadasi boshqaradi. Quyida ular tarkibi keltirilgan:
Bosh hakam: Qasim Matar Ali Al-Hatmi (Oman)
Yordamchi hakamlar: Nasser Salim Abdullah Ambusaidi (Oman), Sao Yi (Xitoy)
To‘rtinchi hakam: Fu Ming (Xitoy)
VAR hakam: Muhammad Taqi Aljaafari bin Jahari (Singapur)
AVAR hakam: Jin Jingyuan (Xitoy)
Zaxira hakam: Yamagishi Sachiko (Yaponiya)
Ma’lumot uchun, uchrashuv 13 yanvar kuni soat 16:30 da start oladi.
“D” guruhida ikkinchi turdan so‘ng Xitoy 4 ochko bilan peshqadamga aylangan bo‘lsa, Avstraliya 3 ochko to‘plab, ikkinchi o‘rinda bormoqda. Iroq 2 ochko bilan uchinchi, Tailand esa 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinni egallagan.
14 yanvar kuni Iroq – Avstraliya va Xitoy – Tailand jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. Mazkur bahslar so‘nggi turning eng qiziqarli o‘yinlari bo‘lishi kutilmoqda. Chunki har to‘rtta jamoa ham chorak final yo‘llanmasi uchun da’vogarlik qilish imkoniyatiga ega.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA