Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2-SENTYABR: Buxoro amirligi, u bilan bogʻliq oshkor va mavhum, hatto sirli tarix... Amirlik tugatilganiga 100-yil boʻldi
09:55 / 2020-09-02

Oʻrta Osiyodagi soʻnggi mahalliy sulola - mangʻitlar boshqaruvining tugaganligiga ham bir asr boʻldi.


Oʻrta Osiyodagi soʻnggi mahalliy sulola - mangʻitlar boshqaruvining tugaganligiga ham bir asr boʻldi.

 Bu orada tarixiy jarayonlar jadallik bilan oʻzgarganligi sababli Buxoro amirligi va u bilan bogʻliq oshkor va mavhum, hatto sirli tarix insonlarda uzoq oʻtmish kabi xotirani yodga soladi. Buxoroni qadimdan turli sulolalar boshqargan. Har bir sulola davrida shaharning dovrugʻi ortib boravergan. Buxoro jahon sivilizatsiyasi markazi, turli ilmlar va ilm egalarining maskani sifatida tarixdan maʼlum. 

Dunyo ahlini oʻziga rom etib kelgan Buxoro vohasini ilk oʻrta asrlarda Buxorxudotlar, IX-XI asrlarda Somoniylar, shundan soʻng turli talafotlar bilan Moʻgʻillar boshqardi. XIV asr ikkinchi yarmida Temuriylar, XVI asrda Shayboniylar, XVII asrda Ashtarxoniylar va nihoyat Buxorodagi soʻnggi sulola Mangʻitlar 1756-yildan 1920-yilgacha Buxoroni idora etdi. Mangʻitlar nafaqat Buxoroda, balki, Oʻrta Osiyodagi soʻnggi mahalliy sulola boʻlib tarixda qoldi. Ushbu sulola tarixiga doir mahalliy va xorijiy ilmiy nashrlarning doirasi keng. Bu esa tarix ilmida “Mangʻitshunoslik” va soʻnggi amir shaxsiyatiga qaratilgan “Olimxonshunoslik”ni shakllantiradi.

Buxoro amirligi tashqi aloqalarda faol Sharq mamlakatlaridan biri edi. Amirlar Makkayu Madina, Iroq, Turk sultonligi, Hindiston, Afgʻoniston, Qoshgʻar, Rossiya imperiyasi kabi davlatlar bilan doʻstona aloqalarni olib borgan. Buxoro davlat muzey-qoʻrixonasi fondlarida mavjud yozishmalarning davri va miqdori shuni koʻrsatadiki, amir Abdulahadxon davrida yuqoridagi davlatlarning barchasi bilan doʻstona aloqa olib borilgan. Ayniqsa, Afgʻoniston amirlari va Rossiya imperatorlari bilan uzluksiz elchilik almashinuvlari davlatlarning Buxorodagi doimiy vakillari orqali amalga oshirilgan. 

Masalan, Rossiya imperiyasiga tegishli arxiv hujjatlarining birida 1896-yilda Buxoro amirining (amir Abdulahadxon) tashrifi munosabati bilan uning sovgʻalariga javob tariqasida imperator Nikolay IIning sovgʻalari roʻyxati saqlangan. Unda Buxoro amiriga 2 ta farfor vaza, kumush va tilladan ishlangan idishlar toʻplami (yirik jom, qadahlar va lali): jovohir tilla portsigar, parcha mato qismlari, amirning oʻgʻliga 4 yashikda ikkita lali va qadahlar, nefrit toshi bilan bezalgan stol soati, ov miltigʻi kerakli qismlari bilan sovgʻa qilingan. Shuningdek, amirning barcha hamrohlariga (jami 32 kishi) darajalariga koʻra kumush kovsh, choy idishlari, kumush vazalar, 26 nafar xizmatchilar esa kumush soat hamda 20 rubldan sovgʻa olishgan. Birgina mazkur hujjatda rus imperatorining Buxoro amiriga boʻlgan rasmiy hurmati ifoda etilgan.

Sovetlar hokimiyati oʻrnatilgandan soʻng, sobiq Rossiya imperiyasi mustamlakalariga ozodlik berib, ular bilan teng huquqli shartnomalar imzolaydi. Xususan, Buxoro amirligi bilan shunday shartnoma ham imzolangan. Ammo, ikki davlat Buxoro va Rossiya oʻrtasidagi bir necha nizolardan soʻng Amir Sayid Olimxon 1920-yil iyul oyida vaziyatni yumshatish maqsadida vazirlaridan iborat (Joʻrabek Arapov, shaxsiy tarjimon Ashrafiy Toʻqsabo va boshqalar) delegatsiyani Rossiyaga yuborgan. Ammo, delegatsiyaning maqsadi kutilgan natijani bermagan. 

Chunki, M.Frunzening may oyidan boshlab Turkiston maʼmurlari va Leninga Buxoro amirligini bosib olish toʻgʻrisida yoʻllagan tinimsiz telegrammalari bunga sabab boʻlgan. Shu tariqa Buxoroni bosib olish, yaʼni “Buxoro inqilobi” 28-avgust ertalab 04:00 da boshlab yuborilgan. Xuddi shu mahalda Kogonda ham qizil askarlarning bosqini boshlangan. Dastlabki uch kun - 28,29,30-avgust kunlari Buxoro qalʼa devorlarini egallashga qaratilgan saʼy-harakatlar samarasiz boʻldi. 31-avgust erta tongda buxoroliklar “qora quzgʻunlar” deb nomlagan 12 aeroplan jangda tub burilish yasadi. 

Turk havo floti boshligʻi Yungmeysterning 31-avgustda Buxoro-Samarqand gruppasi faoliyati haqida Respublika havo floti shtabiga yoʻllagan axborot xatida shunday deyiladi: "12 samolyotdan 6 tasining qizil harbiy uchuvchilari Stepanov, Surkov, Laskin, Faustik, Stolyarov, Nikitin va havo uchuvchi-kuzatuvchilari Uxin, Braunsem, Bronikov, Zelenskiy, Kuron, Ivanovskiy, Levchenkolar Buxoro shahrining shimoli-sharqiy tomonida Samarqand va Qarshi darvozalari, ulardan chiqish yoʻllarida bombardimon ishlarini muvaffaqiyatli olib bordi. Ertalab soat 8:00 dan boshlangan hujum soat 11:00 gacha davom etdi. Hujumda har birining ogʻirligi 11 kg. boʻlgan 57 dona bomba tashlandi. Kechki 18:00 gacha yana bombardimon ishlari davom ettirildi. Quyuq tuman va past bulutlar tufayli suratga olishning iloji boʻlmadi.

Hisob-kitoblarga koʻra, sovetlar tomonida 7 ming askar, 230 pulemyot, 46 toʻp, 5 ta bronepoyezd, 12 samolyot, 10 ta zirhli mashina bor edi. Amir qoʻshini esa 16 ming askar, 23 toʻp, 16 pulemyot va bekliklardagi qoʻshinlardan iborat edi.

Dastlabki hujumlarda Buxoro shahrini egallashning iloji boʻlmadi. Kuybishev targʻibotlari va Frunzening murojaati bilan Turkistondan kursantlar brigadasi va zirhli mashinalar yordamga yuboriladi. 31-avgustda boshlangan havo hujumlari amirlikning yengilishini muqarrar qilib qoʻyadi. Sovetlar, Buxoro kommunistik partiyasi va yosh buxoroliklar tomonidan 2-sentyabr tongda poytaxt tayanchi boʻlgan Ark qalʼasi egallanadi.

Buxoro egallangach, amirlik xazinasining taqdiri qanday kechdi?

Mangʻitlar sulolasi davri - 1747-1920-yillarda juda maxfiylik bilan jamlanib kelingan va maxsus saqlangan, aslida xalqqa tegishli oltin va qimmatbaho javohirlar xazinasi toʻplangan edi. Xazinaning haqiqiy hajmi davlat siri hisoblanib, amir, qushbegi va xazinabondan boshqa hech kimga maʼlum emas edi. Buxoro amirligining tengi yoʻq oltin xazinasi haqida turli xil yozma manba hamda xalq orasida ogʻizdan-ogʻizga oʻtib kelayotgan afsonaviy hikoya va rivoyatlar saqlangan.

Sovet inqilobchilari Moskvaga olib ketgan xazinadan tashqari amirning uncha katta boʻlmagan boyliklari Parij, Peshovar, Bombey va Londonda ham saqlanib qolganligi haqida maʼlumotlar mavjud.

Kommunistik mustamlaka davrida xazina faqat xalqni talash evaziga toʻldirildi, degan mutlaq notoʻgʻri fikr olgʻa surildi. Adabiyotlarda Buxoroning Nurato togʻ yon-bagʻirlarida Sintob, Zarmiton, Qizilqum sahrosida Muruntov va boshqa shular kabi 8 ta oltin hamda kumush konlari qadimdan mavjud boʻlganligi haqida maʼlumotlar mavjud.

1914-yildan oldin amir xonadoniga tegishli oltin, kumush pullar va boshqa qimmatbaho zeb-ziynatlar roʻyxatini aks ettiruvchi daftarlarning oʻzi taxminan bir yarim olchin (1 olchin – 70 sm.) qalinlikda boʻlgan. Turkiston jadidlarining otasi maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiy muharrirligida chiqarilgan “Oyna” jurnalining 1914-yilgi 25-sonida bir koʻchirma keltiriladi: “Hozir Buxoro amirining tasarrufida boʻlgan xazinaning aqchasi (oltin va kumush) shu darajada moʻlki, hech bir davlat xazinasida bu darajada ehtiyot saqlangan oltin va kumush pul yombilar boʻlmasa kerak”.

Buxoro amirining saroylarida saqlanayotgan oltin va kumush pullar boʻyi 50 olchin (35,5 metr), eni 20 olchin (14,2 metr) va balandligi 8 olchin (4,8 metr) boʻlgan bir togʻdan iboratdir. Bu xazinadan tashqari, 3 olchin (2,1 metr) kattalikda yana bir yertoʻla xazinasi boʻlib, u rus, Buxoro va boshqa bir qancha davlatlarning oltin pullari bilan toʻldirilgan. Amirning oltin va kumush xazinalari unga qarashli banklarda ham saqlangan. Manbalarda amir oʻzi bilan 100 arava oltin yoki 18 qop oltin olib ketgan, degan maʼlumotlar mavjud.

Mustaqillik yillariga qadar Buxoro inqilobi sanasi bayram sifatida nishonlab kelindi. Tariximiz xolisona yoritilayotgan bugungi kunda Buxoro bosqini jarayonini ham tubdan qayta oʻrganishimiz kerak. Chunki ushbu jarayon bilan bogʻliq tarixiy dalillar ilmiy muomala chiqarilgani yoʻq. Ayni shu maqsadda Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi yangicha yondashuv va ilmiy dalillar asosida “100-yil. Buxoro amirligi va uning tugatilishi” nomli yangi koʻrgazma oʻz faoliyatini boshladi. Mazkur koʻrgazma yosh avlodni tarixni xolis nazar bilan oʻrganishda muhim ahamiyatga ega.

Oʻktamali RAVSHANOV,
Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi
Tarix ilmiy boʻlimi mudiri