French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2-noyabr– Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikni tugatish xalqaro kuni
11:46 / 2020-11-02

YUNESKO eʼlon qilgan hisobotda taʼkidlanishicha, jurnalistlarga nisbatan sodir etilgan koʻplab jinoyatlar ochilmay qolmoqda.


Jurnalistika katta masʼuliyat demakdir. Shu yilning yanvar oyida eʼlon qilingan YUNESKO hisobotiga qaraganda, 2019-yilda 56 nafar jurnalist oʻldirilgan. Bu soʻnggi 10 yildagi eng past koʻrsatkich boʻlishiga qaramay, OAV vakillari hamon xatar ostida qolayotganidan dalolat beradi. 

YUNESKO eʼlon qilgan hisobotda taʼkidlanishicha, jurnalistlarga nisbatan sodir etilgan koʻplab jinoyatlar ochilmay qolmoqda.

2010-yildan 2019-yilga qadar jahonda 894 nafar jurnalist oʻldirilgan. YUNESKO Bosh direktori Odri Azule bayonot berar ekan, jurnalistlarga nisbatan zoʻravonliklardan tashvishga tushayotganini bildirdi. Uning soʻzlariga qaraganda, yuzaga kelgan vaziyat demokratiya asoslariga raxna solar ekan. Maʼlumotlarga qaraganda, oʻtgan yili yer sharining barcha mintaqalarida OAV xodimlariga nisbatan jinoyatlar sodir etilgan. Eng xavfli mintaqa sifatida Lotin Amerikasi va Karib havzasi koʻriladi: bu yerda 22 nafar jurnalist oʻldirilgan. 

Jurnalistlarning koʻpchiligi arabiy harakatlar sharoitida emas, balki tinchlik davrida halok boʻlayotgani ayanchlidir. Matbuot vakillariga uyushtirilayotgan hujumlarning asosiy maqsadi aholiga haqqoniy maʼlumot berishni niyat qilgan kasb egalarining ogʻzini yopishga qaratilgan. Jurnalistlarni himoya qilish Qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 1992-yildan shu kunga qadar jahonda OAVning 1 305 nafar xodimi oʻldirilgan. Boshqa bir maʼlumotga qaraganda, 1990-yildan beri 2500 nafar jurnalist jinoyatchilar qoʻlida halok boʻlgan. 

Shu davr mobaynida bedarak yoʻqolgan jurnalistlar soni 59 nafarga yetdi. Jurnalistlarni himoya qilish Qoʻmitasining maʼlum qilishicha, 1992-yildan beri oʻldirilgan jurnalistlarning koʻpchiligi siyosiy mavzularni yoritardi, masalan, ularning 42% harbiy harakatlarni, 21% inson huquqlari mavzusini, yana shunchasi korrupsiyani va 16% jinoyatchilik mavzusni koʻtarib chiqardi. Halok boʻlgan jurnalistlarning yarmi bosma OAV vakillari boʻlgan, uchdan bir qismi – telejurnalistlar boʻlsa, 20% radioda va 16% onlayn-nashrlarda faoliyat yuritgan. Oʻldirilgan jurnalistlar orasida ayollarning borligi tashvishli holdir.

Tahlilchilarning fikricha, jahonda soʻngi 15 yilda jamoatchilikni yuz berayotgan voqea-hodisalardan xabardor qilayotgan mingdan ortiq jurnalist oʻldirilgan. Shuningdek, ayol jurnalistlarga jinsiy tajovuz ham uyushtiriladi. Jurnalistlarga nisbatan uyushtiriladigan jinoyatlardan har oʻntasining toʻqqiztasida aybdorlar jazodan qutilib qolayotgani taʼkidlanadi. Aybdorlarning jazoga tortilmasligi qotilliklar koʻpayishiga, mojarolar keskinlashishiga va sud tizimining xonavayron boʻlishiga olib keladi. YUNESKO jazodan qutilib ketish jamiyat taraqqiyotiga jiddiy xavf tugʻilishidan, korrupsiya va jinoyatchilikning avj olishidan xavotirga tushmoqda.

2013-yil BMT Bosh Assambleyasining 68- sessiyasida qabul qilingan №68/163 rezolyutsiyasida 2-noyabrni Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikni tugatish Xalqaro kuni deya eʼlon qilish taʼkidlanadi. Rezolyutsiya aʼzo mamlakatlarni aybdorlar jazosiz qolishiga qarshi kurashish maqsadida aniq choralar koʻrishga chaqiradi. Mazkur rezolyutsiyada jurnalist va ommaviy axborot vositalari vakillariga qarshi har qanday zoʻravonlik akti va hujumlar qoralanadi.

 Bundan tashqari rezolyutsiya aʼzo davlatlarni jurnalistlarga va ommaviy axborot vositalari xodimlariga nisbatan zoʻravonliklarni oldini olishga, ularga qarshi jinoyati sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortish hamda jabrdiydalarni zarur huquqiy himoya bilan taʼminlashga chaqiradi. Rezolyutsiya, shuningdek davlatlarni jurnalistlarni oʻz faoliyatlarini mustaqil ravishda va ortiqcha aralashuvlarsiz bajarishlari uchun xavfsiz va qulay sharoit yaratishga chaqiradi.


Tahlilchilarning fikricha, soʻngi yillarda ommaviy axborot vorsitalari xodimlariga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarning har oʻntasidan atigi bittasiga hukm chiqarilgani tashvishli holdir. Demak, toʻqqizda jinoyat jazosiz qolgan. Jazoga tortilmaslik jinoyatchilarning oʻzlariga haddan ziyod bino qoʻyishlariga sabab boʻladi, shuningdek jamoatchilikka, jumladan jurnalistlarga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Jinoyatchilarning jazoga tortilmasligi ayanchli oqibatlarga sabab boʻladi. Jurnalistlarga nisbatan sodir etilgan jinoyat ochilmasa yoki jinoyatchilar jazoga tortilmasa jamoatchilikning sud tizimga boʻlgan umidi soʻna boshlaydi. Bu oʻz navbatida hech qachon sudga tortilmasliklariga ishonch hosil qilgan jinoyatchilarning haddan oshishiga sabab boʻladi.

Nima uchun aynan 2-noyabr kuni halok boʻlgan jurnalistlar eslanadi, degan savol tugʻilishi mumkin. Tahririyat topshirigʻiga koʻra Malidagi qurolli nizolarni yoritayotgan fransuz jurnalistlari Gislen Dyupon va Klod Verlon jangarilar tomonidan oʻgʻirlangan va 2013-yilning 2-noyabrida oʻldirilgan edi. Bu jinoyat katta shov-shuvlarga sabab boʻlgan, hamda BMT OAV vakillariga nisbatan zoʻravonliklarni tanqid qiluvchi hujjat qabul qilgan edi.

Xalqaro gumanitar huquqlarga binoan qurolli nizolar mintaqalarida faoliyat yuritadigan jurnalistlar himoyadan foydalanishlari va oʻzaro kurashayotgan tomonlar vakillari ularni hurmat qilishi kerak.

Matbuot erkinligi uchun kurash olib boradigan Jurnalistlarni himoya qilish Xalqaro qoʻmitasi 2019-yilda jurnalistlarni oʻldirgan jinoyatchilar jazosiz qolayotgan mamlakatlar reytingni eʼlon qildi. Unda Filippin oldinda borayotgani maʼlum boʻldi.

OAVdagi plyuralizm, maʼlumot olish va maʼlumot berish, shuningdek tanqidiy fikrlarni bildirish demokratik muloqotlarning asosini tashkil qiladi. Jurnalistlar va OAVning barcha xodimlari oʻzlarining xizmatlari bilan mana shu erkinliklarni himoya qilishda ishtirok etadilar.