Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati ota-onalar e’tiborsizligi sabab darslarga qatnashmay kelayotgan o‘quvchilar soni to‘g‘risida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, o‘quvchilarning maktab darslarida muntazam qatnashishlarini ta’minlash hamda yoshlar o‘rtasida turli nojo‘ya va ular tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi odatlarning tarqalishi oldini olish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan doimiy nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Xalq ta’limi, Ichki ishlar, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirliklari hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida darslarni sababsiz qoldirib kelgan 2 ming 72 nafar o‘quvchi aniqlangan.
Nazorat tadbirlarida aniqlangan mazkur o‘quvchilarning ota-onalari tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar yig‘ilishlariga jalb etilib, ular ishtirokida muhokama qilingan. Shuningdek, ota-onalar nazorati va qarovisiz qolgan o‘quvchilar ta’lim olishlari uchun maxsus maktab-internatlariga joylashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasida ko‘ra, ota-onalar tomonidan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zA