Prezidentimizning 2021 yil 8 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida yer toifasidan qat’i nazar barcha turdagi yer uchastkalari hamda bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik holatlarini aniqlash, yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga va chegaralarini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish, yerdan maqsadli foydalanilishi ustidan davlat nazorati Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Qolaversa, yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlarini o‘z vaqtida aniqlash va chora ko‘rish uchun Kadastr agentligi xodimlari mas’ul ekanligi belgilangan.
Kadastr agentligi tomonidan farmonda belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda.
- Agentligimizning yer va kadastr nazorati inspektorlari tomonidan olib borilgan xatlov ishlari natijasida respublika bo‘yicha jami 12 ming 422 ta holatda 2 178,2 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlandi, - deydi Kadastr agentligi matbuot xizmati rahbari Ne’mat Atamuratov.
- Aniqlangan ushbu holatlarni bartaraf etish va ularga nisbatan choralar ko‘rish maqsadida 10 767 ta yer qonun buzilishini sodir etgan shaxslarga hamda 72 ta yerdan foydalanuvchi sub’ektga ogohlantirish xatlari yuborilib, 336,5 gektar yer maydonidagi qonun buzilishlar bartaraf etildi.
Ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan tuman (shahar) hokimliklariga 7 710 ta (1 286 gektar) taqdimnoma kiritildi. 1 560 ta holatda sudlarga kiritilgan da’vo arizalariga asosan 15,7 gektar yer maydonidagi holat bo‘yicha sudning hal qiluv qarori qabul qilindi. 894 ta (127,7 gektar) holat bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda.
Ne’mat Atamuratovning qo‘shimcha qilishicha, huquqbuzarlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun 4 483 ta (932 gektar) holat yuzasidan prokuratura organlariga ma’lumotlar taqdim etilib, hozirgi kunda bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA