Italiya Respublikasi Yevropa janubida, O‘rta dengiz havzasi, Apennin yarim oroli, Sitsiliya, Sardiniya va boshqa kichik orollarni birlashtirgan. Poytaxti – Rim shahri. Pul birligi – lira.
1947 yil 22 dekabrda qabul qilingan, Mamlakatning amaldagi konstitutsiyasi 1948 yil 1 yanvardan kuchga kirgan.
Davlat boshligi - Prezident parlament ikkala palatasining qo‘shma majlisida viloyatlar vakillari ishtirokida 7 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi organ – deputatlar palatasi va senatdan iborat parlament. Ijro hokimiyati – Vazirlar Kengashi. Prezident Vazirlar Kengashi raisini va uning taklifiga binoan, vazirlarni tayinlaydi.
Aholisining 98 foizdan ko‘prog‘i italyanlar, qolgan qismi retoroman, tirol, fransuz, sloven va xorvat, alban, katalon va boshqalar. Rasmiy tili – italyan. Yirik shaharlari: Rim, Milan, Neapol, Turin, Genuya, Palermo.
Italiya 1945 yildan BMT a’zosi.
Zamonaviy xalq ta’limi tizimi XIX asr 2-yarmidan tarkib topa boshlagan. 1859 yil 6-9 yoshli bolalar majburiy ta’limi to‘g‘risidagi Kazati qonuni qabul qilingan. 6-14 yoshli bolalar uchun majburiy 8 yillik ta’lim joriy etilgan. Davlat maktablari bilan birga, asosan, diniy tashkilotlar ta’minotidagi xususiy maktablar ham mavjud.
Italiyada 27 universitet, 50 dan ortiq davlat va xususiy oliy maktabi hamda xususiy universitet bor. Yirik oliygohlari – Bolonya, Rim, Neapol, Milan, Bari, Genuya va boshqa shaharlardagi universitetlar. 150 yirik kutubxona, jumladan Rimda 31, Milanda 19, Neapolda 19, Florensiyada 9, Turinda 6 kutubxona ishlaydi. 170 dan ko‘p muzey, suratlar galereyasi mavjud. Eng mashhurlari: Rimdagi Milliy muzey, Julia muzeyi va villasi, Borgeze muzeyi va galereyasi, antik san’at galereyasi, zamonaviy san’at milliy galereyasi, Florensiyadagi Milliy muzey, arxeologiya muzeyi, rasm galereyasi, Uffitsi galereyasi, Messina, Neapol, Palermo, Peruja, Venetsiyadagi muzey.
Italiya O‘zbekiston mustaqilligini 1992 yil 10 yanvarda tan olgan. O‘sha yildanoq Toshkentda Italiya elchixonasi ish boshlagan, O‘zbekistonning Rimdagi diplomatik vakolatxonasi 1998 yil ochilgan. Florensiyaning Toskana va Umbriya mintaqalarida 2021 yildan, 2023 yildan esa Milanning Lombardiya va Liguriya tumanlarida faxriy konsulligimiz faoliyat ko‘rsatmoqda.
1999 yildan buyon Savdo-iqtisodiyot, sanoat, hamkorlik va eksport kreditlari bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruh faoliyat ko‘rsatmoqda.
Asosiy eksport mahsulot va xizmatlar – to‘qimachilik, rangli metall (ishlov berilmagan sink), teri va oziq-ovqat mahsulotlari.
O‘zbekistonga import bo‘ladigan mahsulot va xizmatlar esa mexanik asbob-uskuna, gaz, suyuqlikni yetkazib berish yoki ishlab chiqarish uchun hisoblagich, elektr jihozlari, oziq-ovqat va farmatsevtika mahsulotlari, transport vositalari va ehtiyot qismlaridan iborat.
2021 yil 6 dekabr kuni Milanda bo‘lib o‘tgan to‘qimachilik va teri sanoati sohalari vakillari uchrashuvida 60 dan ziyod kompaniya ishtirok etgan bo‘lsa, yaqinda Rimda tashkil etilgan oxirgi biznes-forumda 170 dan ortiq yetakchi kompaniya va korxonalar ishtirok etdi.
O‘zbekistonda Italiya kapitali ishtirokida 54 korxona faoliyat yuritmoqda. Asosiy faoliyat yo‘nalishi alkogolsiz ichimlik, vino, shisha idish xom ashyosi, parfyumeriya, muzqaymoq, trikotaj, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish, paxta chiqindisini qayta ishlash, savdo-sotiq va vositachilik xizmatidan iborat.
Muharrama Pirmatova, O‘zA