French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2 fevral — Butunjahon suvli-botqoqli hududlar kuni
13:16 / 2024-02-02

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni asrash, daryo va ko‘llar, Orol dengizi havzalarida ekotizimlarning barqarorligi va yashab qolishi uchun shart-sharoitlarni yaxshilash tabiatni asrashning muhim omilidir. Ayniqsa, suv havzalari o‘simlik va hayvonot dunyosining o‘ziga xos yashash muhiti sifatida alohida ahamiyatga ega.

Suv havzalari Yer sayyorasida katta maydonni egallashiga qaramasdan, oxirgi yillarda ulardan sanoat hamda xo‘jalik ehtiyojlari uchun keng foydalanilayotgani ushbu havzalarga bo‘ladigan turli ta’sirlar ko‘lamining kengayishiga va xalqaro miqyosda muhofaza qilishga ehtiyoj tug‘dirdi.  

1971 yilning 2 fevralida Eronning Ramsar shahrida «Suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili bo‘lgan xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoq yerlar to‘g‘risida»gi Konvensiya qabul qilingan. Mazkur Konvensiyaning maqsadi inson va uning atrofini o‘rab turgan muhitning o‘zaro bog‘liqligini va suvli-botqoq yerlarning iqtisodiy, madaniy va rekreatsiyaviy ahamiyatini hamda suvda suzuvchi qushlar va ularning muhofazasiga xalqaro resurs sifatida qaralishi lozimligini tan olgan holda uzoqni ko‘zlagan milliy siyosat bilan xalqaro harakatlar muvofiqlashtirilishini ta’minlashdan iborat.  

Tabiatda bioxilma-xillikni asrashga qaratilgan mazkur Konvensiya ko‘chib yuruvchi qushlarga yashash sharoitlari qulayligini yaratishda muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimiz suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili bo‘lgan xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoqli hududlar to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiyaga 2001 yilda a’zo bo‘lgan.  

O‘zbekistondagi ko‘llar va suv omborlarida va ularning botqoqlar sifatida ta’riflanuvchi qirg‘oq zonalarida juda ko‘p qushlar panoh topgan. Ular orasida Tabiat va tabiiy resurslarni muhofaza qilish Xalqaro Ittifoqining Qizil ro‘yxatiga kiritilgan turlar bilan bir qatorda, qushlarning migratsiyalari va qishlash davrlarida bir necha o‘n minglab ov qilinadigan qushlar ham uchraydi.  

Qushlar panoh topadigan suvli-botqoqli hududlar bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish va ularga yechim topish soha mutaxassislarining oldida turgan muhim vazifalardandir. Zero, tabiatni borligicha asrash, tabiiy muhitlarga turli ta’sirlarning oldini olish bugungi ekologik vaziyatda dolzarb ahamiyatga ega.  

O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkilotlarida Butunjahon suvli-botqoqli hududlar kuni munosabati bilan turli tadbirlar, uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Ularda olimlar va mutaxassislar suv havzalaridagi ekotizimlarni asrab-avaylash, Ramsar Konvensiyasi talablariga rioya etilishini ta’minlash kabi masalalarni muhokama qilmoqda.  

Qayd etish joizki, ushbu sana bioxilma-xillikni asrash, suvda suzuvchi qushlarning turlarini saqlab qolish, suv havzalaridan xo‘jalik faoliyatida foydalanishda tabiatni muhofaza qilish normalariga qat’iy rioya etishda muhim o‘rin tutadi. Bu boradagi sa’y-harakatlar esa, o‘z navbatida atrof tabiiy muhitini asrash hamda ekologik turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA