“FORS KO‘RFAZINING NEFT DURDONASI”
Bugun Birlashgan Arab Amirliklari xalqi milliy bayram – mustaqillikning 50 yilligini katta tantanalar bilan nishonlamoqda.
Birlashgan Arab Amirliklari – federativ davlat bo‘lib, yettita amirlikdan iborat: Abu-Dabi, Ajman, Dubay, Ras-al-Xayma, Umm-al-Kayvayn, Al-Fujayra, Sharja. Bu hududlar mutlaq monarxli kichik ma’muriy tuzilishga ega bo‘lib, har bir amirlik o‘z hududidagi uglevodorod zaxirasini o‘zi tasarruf etadi.
Mamlakat iqtisodiyotida muhojir ishchilar muhim o‘rin tutadi. Ularning qariyb 90 foizi Bangladesh, Hindiston va Pokistondan kelgan.

Arabiston yarim orolining shimoliy-sharqida, Janubiy-G‘arbiy Osiyoda joylashgan BAA hududining katta qismini sho‘rhaq yer va qumli sahro tashkil qiladi. Shuningdek, xurmo, akatsiya va yulg‘undan iborat vohalar ham uchraydi. G‘arbiy qismida esa qumli va toshli sahro yastanib yotadi, sharqda va shimoli-sharqda Hajar tog‘i qad rostlagan.
BAA iqtisodiyotining asosi — neft, butun dunyodagi neft zahirasining 10 foizi shu zaminda. Mamlakatda tabiiy gaz koni ham serob. Shu bois iqtisodiyot neft va tabiiy gazni qazib olish va qayta ishlashga asoslangan. Mahalliy aholi xurmo yetishtirish, dengizdan marvarid qidirish, tuya va yilqichilik, baliq ovlash kabi an’anaviy mashg‘ulotlar bilan ham shug‘ullanadi.
BAA so‘nggi yillarda neft eksportidan tushgan daromadni sayyohlik, savdo-sotiq, sanoat, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, ijtimoiy tarmoqni rivojlantirishga yo‘naltirmoqda. Mamlakatda infratuzilmani faol rivojlantirishga kirishilgandan keyin chet el sarmoyadorlari amirliklarga jiddiy qiziqish bilan qaray boshladi. Natijada neftni qazib chiqarish va qayta ishlash sanoatining YAIMdagi ulushi asta-sekin pasayib borib, sayyohlik, ko‘chmas mulk, qurilish, savdo va qishloq xo‘jaligi kabi boshqa sohalar rivojlanishiga yo‘l ochildi.
“Fors ko‘rfazi neft durdonasi”ning bosh savdo hamkori Yaponiya hisoblanadi. Kunchiqar mamlakat amirliklardan gaz va neft import qiladi, BAAga esa transport vositalari, elektronika jo‘natadi.

Iqtisodiyotning yana bir ustunligi – davlat Yevropa va Osiyo savdo yo‘li chorrahasida, ya’ni geografik jihatdan qulay hududda joylashganidir.
BAAda kechayotgan jadal iqtisodiy o‘zgarishlar mamlakat nufuzi oshishiga xizmat qilmoqda. Hozir BAA shaharlari dunyo sayyohlarining eng sevimli maskanlariga aylangan. Zamonaviy do‘konlar, yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish, tovar xilma-xilligi va arzon narx tufayli amirliklarga “xaridor uchun jannat” deya ta’rif beriladigan bo‘ldi.
Savdo qonunining erkinligi, soliq miqdori pastligi mamlakatda biznes gullab-yashnashi uchun sharoit yaratdi. Dubay avtosalonidan juda arzon narxda mashina xarid qilish imkoni bor. Zargarlik do‘konida tilla buyum narxi dunyoda eng past hisoblanadi. Bu diyorda dunyoning barcha mamlakatlaridan keltirilgan mebel, maishiy texnika, kompyuter va elektronika mahsulotlarini sotib olish mumkin. Dubayda har yili savdo festivali o‘tkaziladi va xaridorlar past narx, turfa ko‘ngil ochar tadbirlar va qiziqarli lotereyalar bilan jalb qilinadi.
So‘nggi paytda O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy aloqalar kengayib, yuksalib bormoqda. Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar samarasi dunyoning yirik kompaniyalari, jumladan BAA ishbilarmon doiralari qiziqishini ham oshirmoqda. Davlatimiz rahbarining Birlashgan Arab Amirliklariga 2019 yil mart oyidagi oliy darajadagi tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar mamlakatlarimiz munosabatida yangi bosqichni boshlab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

BAA kompaniyalari hamkorligida mamlakatimizda muqobil energiyani ommalashtirish, energetika ob’ektlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy agrosanoat klasterlari tashkil etish, tadbirkorlikka oid tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun investitsiya kompaniyalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘plab loyihalar, qator muhim ijtimoiy dasturlar izchil amalga oshirilmoqda.
Masalan, “Masdar” kompaniyasi bilan birgalikda O‘zbekistondagi birinchi quyosh fotoelektr stansiyasi muvaffaqiyatli qurilib, ishga tushirildi.
Birgalikdagi sa’y-harakat bilan ta’lim va gumanitar almashinuv dasturlari faol ilgari surilmoqda. Mamlakatimizda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish borasidagi tadbirlar doirasida Toshkent shahrida Hukumat akseleratori ofisi ish boshladi.
Iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishda doimiy ravishda o‘tkazib kelinayotgan qo‘shma anjumanlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, joriy yil 25-26 avgust kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – BAA biznes forumi ikki mamlakat iqtisodiy salohiyati va ko‘p qirrali hamkorligini yaqqol namoyish etdi.

Ikki mamlakat biznes hamjamiyati vakillari O‘zbekistonda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, o‘zaro manfaatli savdo bitimlari tuzish imkoniyatini muhokama qildi.
Tadbir dasturi doirasida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, tog‘-kon sanoati, elektrotexnika, farmatsevtika, zargarlik va boshqa sohalardagi sarmoyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar bo‘lib o‘tdi.
Amirliklar tomoni O‘zbekiston Prezidentining Orolbo‘yi mintaqasida ekologik innovatsiya va texnologiya hududini yaratish tashabbusini amalga oshirish doirasida yangi loyihaviy taklif taqdim etdi.
Bir so‘z bilan aytganda O‘zbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi so‘nggi yillarda yo‘lga qo‘yilgan istiqbolli hamkorlik mamlakatlarimiz rivojiga, xalqalarimiz farovonligiga muhim hissa qo‘shadi, deyish uchun asos yetarli.
Saidmurod Rahimov, O‘zA