French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2 dekabr – BAA mustaqilligi kuni
22:39 / 2023-12-02

Birlashgan Arab Amirliklarining davlat sifatidagi tarixi qisqa davrni o‘z ichiga oladi. Olti amirlikdan tashkil topgan ushbu davlatning tuzilishi 1971 yil 2 dekabr sanasiga to‘g‘ri keladi. Aynan shu kuni Abu Dabi, Dubay, Sharja, Ajman, Umm Al-Kayvayn va Fujayra amirliklari birlashdi.

1972 yil BAA tarkibi yana bir amirlik bilan to‘ldirildi. Ras Al-Xayma hududi Eron bilan kechgan muvaffaqiyatsiz to‘qnashuvdan keyin yettinchi amirlik bo‘lib qo‘shildi. Mazkur so‘nggi amirlik yillar davomida BAAdan chiqib ketishni xohladi va buning uchun ko‘p harakat qildi.

Uzoq va yaqin tarix

XV asr oxirida ushbu mamlakat hududida Yevropaning ta’siri oshdi. G‘arb davlatlaridan birinchi bo‘lib Portugaliya Bahrayn va Ormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat o‘rnatib, yarim orolda o‘z o‘rnini egalladi.

XVIII asrga kelib, asosan savdo bilan shug‘ullanuvchi qirg‘oqdagi arab amirliklari aholisi kemalari Fors ko‘rfazi portlari o‘rtasida yuk tashishni monopollashtirgan va odamlarni asosiy tirikchilik manbaidan mahrum qilgan Buyuk Britaniya bilan kurashga jalb qilindi. Natijada “Shimoliy Hindiston kompaniyasi” va inglizlar “qaroqchi” deb atagan mahalliy aholi o‘rtasida ziddiyat kelib chiqdi.

Shimoliy Hindiston kompaniyasi” Fors ko‘rfazida ko‘p harbiy ekspeditsiya olib borar edi. 1820 yil ular arablarning yetti amirligi amirlari va shayxlarini “Umumiy shartnoma”ni imzolashga majbur qildi. Shartnoma ushbu hududda Angliya hukmronligi boshlanishi va O‘mon uchga bo‘linishini anglatar edi. Ushbu hudud “O‘mon shartnomasi” deb nomlandi.

Amirliklar hududida inglizlar harbiy bazalar qurdi. Hokimiyat inglizlar siyosiy agenti tomonidan boshqarilar edi.

XX asr 20-yillarida mustaqillik uchun kurash avj oldi. Shu bilan birga BAA va butun Yarim Sharq tarixida burilish yuz berdi – Fors ko‘rfazida mislsiz zaxiraga ega neft konlari topildi.

Nazorat kuchayishi va iqtisodiyot

1922 yil inglizlar arab shayxlarining neft qidirish va qazib olish bilan bog‘liq ishlarini nazoratga oldi. O‘mon shartnomasida neft savdosi bilan shug‘ullanish taqiqlangani bois shayxlar marvarid savdosi bilan daromad ko‘ra boshladi. 50-yillarda neft qazib olinishi, mintaqaga xorijiy sarmoya kirib kela boshlashi hamda neft savdosidan olingan daromad ko‘payishi bilan mahalliy aholi turmush darajasi sezilarli darajada yaxshilandi. XX asrning 20-yillari oxirida yapon sun’iy marvaridi paydo bo‘lishi bilan O‘monda iqtisodiy inqiroz boshlandi.

Neft chiqishi mintaqadagi iqtisodiy vaziyatni butunlay o‘zgartirdi. 1937-1939 yillarda Angliya Dubay, Sharja, Ras Al-Xayma, Abu-Dabi, Ajman va Kalbadagi neft konlarini o‘zlashtira boshladi. Buyuk Britaniya O‘mon shartnomasi, Iroq, Transiordaniya va Falastin hududlarini birlashtirishga urinib ko‘rdi, bu esa BAA qarshiligiga sabab bo‘ldi. London birlashish g‘oyasidan voz kechdi.

“O‘mon shartnomasi” Ikkinchi jahon urushi payti betaraf qoldi. Urushdan so‘ng shayx maqomi amirlikka ko‘tarildi, pul va bojxona tizimini birlashtirish masalasi muhokama qilindi, bo‘lajak federatsiyaga asos qo‘yildi.

Bu vaqtga kelib hududning turli nuqtalaridan yangi neft konlari topildi. 1965 yil Buyuk Britaniya tashabbusi bilan Londonda tashkil etilgan yetti amirlik yig‘ilishida mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga oid 15 ta yirik loyiha ko‘rib chiqildi. 1968 yil Buyuk Britaniya mintaqani tark etishi, hokimiyat mahalliy shayxlar qo‘lida qolishini e’lon qildi. Fors ko‘rfazi davlatlari Arab amirliklari federatsiyasini tuzish to‘g‘risida bitim imzoladi. Dastlab shu federatsiyaga kirishi kerak bo‘lgan Bahrayn va Qatar keyinchalik alohida davlat sifatida shakllandi.

Mustaqillik

1971 yil 1 dekabrda Buyuk Britaniya Fors ko‘rfazidan rasman ketganini e’lon qildi. 2 dekabrda “O‘mon shartnomasi” tarkibidagi yetti davlatdan oltitasi Birlashgan Arab Amirliklari davlati tashkil topganini e’lon qildi. Yettinchi amirlik – Ras Al-Xayma 1972 yil 10 fevralda qo‘shildi. BAAga Prezident etib Dubay amiri Zoid ibn Sulton Ol Nahayon saylandi va mamlakatning birinchi konstitutsiyasi qabul qilindi. Poytaxt maqomi Abu Dabiga berildi.

Mustaqillikning ilk kunlari Saudiya Arabistoni energetika siyosati tufayli neft va neft mahsulotlari narxi keskin ko‘tarilish paytiga to‘g‘ri keldi. Bu yangi davlatning iqtisodiyot va tashqi siyosatga erkin, mustaqil qadam qo‘yishini osonlashtirdi.

Neftdan kelayotgan daromad, sanoat va qishloq xo‘jaligi rivojlanishi, ko‘plab erkin iqtisodiy zonalarni shakllantirishga mohirona sarmoya kiritilishi natijasida BAA juda qisqa vaqtda nisbiy iqtisodiy farovonlikka erishdi. Turizm va moliya sohasi sezilarli darajada rivojlandi.

Baribir, hammasi shunday silliq kechdi, deb bo‘lmaydi. Saudiya Arabistoni Al-Buramiy neft vohasi va bir necha orol bilan bog‘liq hududiy nizo tufayli yangi BAA davlatini uzoq vaqt tan olmadi. Faqat 1974 yil BAA poytaxtida o‘tgan muzokaradan so‘ng Saudiya Birlashgan Arab Amirliklari va O‘monning Al-Buramiy vohasiga hamda Sabha Bita hududi, bir necha orol va Fors ko‘rfazi sohiliga yo‘l, neft quvuri qurish huquqini tan oldi.

Bundan tashqari amirlarning siyosiy qarashidagi raqobat yo‘qolmadi. Abu-Dabi shayxi va Prezident Zoid ibn Sulton Ol Nahayon davlatning federalizmini kuchaytirishga intilsa, Dubay shayxi va vitse-prezident Rashid bin Said Ol Maktum har bir amirlik mustaqil bo‘lishi kerak deb hisoblardi.

BAAning mustaqillikdan keyingi tarixida birinchi urush Eron – Iroq jangi (1980-1988 yillar) bo‘ldi. Ba’zi amirliklar hukmdorlari Iroqni, boshqalari Eronni qo‘llab-quvvatladi. 1978 yil Sharjada hokimiyat uchun kurash boshlanganda amirliklar o‘rtasidagi ziddiyat avjiga chiqdi: Abdul Aziz Al-Qosimiy hokimiyatni ukasi, hukmron shayx Sulton ibn Muhammad Al-Qosimiydan olishga harakat qildi. Abdul Azizga Shayx Zoid yordam berdi. Ziddiyat hukmdorlar oliy kengashi yig‘ilishidan keyingina hal qilindi va shayx Sultonning hokimiyati tiklandi.

BAA yaqin tarixiga nazar solinsa, 2003 yildagi Iroq urushida o‘z hududiga AQSH qo‘shinlarini joylashtirishga ruxsat bergani va shu bilan birga hukumat iroqlik jabr ko‘rgan aholiga gumanitar yordam ko‘rsatgani ma’lum bo‘ladi.

2004 yil 2 noyabrda Birlashgan Arab Amirliklari birinchi Prezidenti shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon vafot etdi. Uning o‘rnini to‘ng‘ich o‘g‘il – shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon egalladi. Shayx Xalifa 2022 yil 13 mayda vafot etgandan so‘ng 14 mayda Federal Oliy kengash valiahd, shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonni Prezident etib sayladi.

O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida diplomatik aloqa 1992 yil 25 oktyabrda o‘rnatilgan.

BAA keng investitsiya imkoniyatiga, ilg‘or texnologiyani samarali joriy qilish, diversifikatsiyalangan va barqaror iqtisodiyotni shakllantirish ta’minlangan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish tajribasiga ega. Shu ma’noda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ko‘plab muhim yo‘nalishlar bo‘yicha rivojlanayotgani quvonarli.

Masalan, 2022 yil o‘zaro tovar ayirboshlash o‘tgan yillarga nisbatan 40 foiz oshib, 227,1 million dollarga yetdi.

Yurtimizda amirliklar kapitali asosida 185 (104 tasi xorijiy, 81 tasi qo‘shma) korxona faoliyat yuritadi, shundan 45 tasi 2022 yil ochilgan.

O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etilgan Amirliklar investitsiyasi miqdori muntazam oshayotgani kuzatilmoqda. “Masdar” kompaniyasi 2021 yil mamlakatimizda birinchi quyosh elektr stansiyasini ishga tushirdi. Kompaniya yana uchta yangi quyosh foto elektr stansiyasi barpo etish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqan. Bular – 457 MVt quvvatli Sherobod, 220 MVtli Samarqand, 220 MVt quvvatga ega Jizzax quyosh foto elektr stansiyalaridir. Hozir “Masdar” kompaniyasining mamlakatimizdagi loyihalari umumiy qiymati 2 milliard dollardan oshgan. Ushbu hamkorlik samarasi o‘laroq, yurtimizda qurilayotgan elektr stansiyalari ishlab chiqarish quvvati – 2,5 GVtga teng.

“Mubadala” kompaniyasi bilan hamkorlikda Tallimarjon issiqlik stansiyasi quvvatini oshirish loyihasi amalga oshirilmoqda.

“DP World” kompaniyasi bilan esa multimodal xab faoliyatini yo‘lga qo‘yish, “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasini rivojlantirish, bojxona boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish rejasi ishlab chiqilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, logistika, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarda ham ko‘plab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Abu Dabi taraqqiyot fondi ko‘magida tashkil etilgan O‘zbekiston – Amirlik investitsiya kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Korxona tashkil etilgandan buyon respublikamizda qo‘shma investitsiya loyihalari uchun 100 million dollar jalb qilindi. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturlari, ta’lim sohasida loyihalar yo‘lga qo‘yilnan.

Hozirgi kunda kompaniya sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, logistika, turizm, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida jami 400 million dollarlik 17 ta istiqbolli investitsiya loyihasi ustida ishlamoqda.

BAA Oziq-ovqat va suv xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatilgan.

BAA hukumati bilan davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish, davlat idoralari faoliyatiga innovatsiya joriy qilish, ta’lim sifatini oshirish va zamonaviy, talab yuqori mutaxassislikka ega kadrlar tayyorlash, sayyohlik va logistika infratuzilmasini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli hamkorlik rejasi kelishilmoqda.

Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va tegishli yo‘l xaritalarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha so‘nggi 3 yilda 147 marta qo‘shma tadbir o‘tkazildi. Natijada o‘zbekistonlik 2 mingdan ziyod davlat xizmatchisi ixtisoslashtirilgan sohalarda o‘qitildi.

Joriy yil yuqorida qayd etilgan kelishuvni yana uch yilga uzaytirish ma’qullandi. Innovatsiya va sun’iy intellekt sohasida hamkorlik qilish, muhim tarmoqlarni isloh qilish bo‘yicha muloqotni mustahkamlash, davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, zamonaviy kadrlar tayyorlash sheriklikning yangi yo‘nalishlari etib belgilangan.

2019 yil O‘zbekistonda amalga oshirilgan “Bir million dasturchi” g‘oyasi 70 mingdan ziyod kishini qamrab oldi. Ularning ko‘pchiligiga tegishli sertifikat berildi. O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan mazkur muhim tashabbus yoshlar malakasini oshirish, ularni ishga joylashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Shu tariqa so‘nggi yillarda davlatlarimiz o‘zaro munosabatini strategik sheriklik darajasiga olib chiqish imkonini beradigan qulay shart-sharoit yaratildi. Ijtimoiy-iqtisodiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli dasturlar ishga tushirildi.

O‘z navbatida, BAA ham iqtisodiy aloqani diversifikatsiya qilish, qo‘shimcha investitsiya jalb qilish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish, mamlakatning ilmiy-texnologik, ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan uzoq muddatli taraqqiyot dasturini amalga oshirishga kirishgan.

Ma’lumki, O‘zbekiston iqtisodiyotga raqamli texnologiya jadal joriy qilinmoqda. Xususan, “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasi ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. Ushbu hujjatda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotida raqamli iqtisodiyot hissasini ikki barobar oshirish ko‘zda tutilgan.

Mamlakatimizning bu rejasi BAAni yaqin sherikka aylantiradi. Amirliklar raqamli iqtisodiyot tamoyilini amaliyotga joriy etish bo‘yicha dunyoning aksariyat davlatlaridan ilgarilab ketgan.

Davlatlarimiz sayyohlik sohasini ustuvor tartibda rivojlantirishga kirishgan. Har ikki mamlakat turizm sohasida yuksak salohiyatga ega. BAA rivojlangan infratuzilmasi va yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish tizimi tufayli dunyodagi eng mashhur sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Mamlakatdan har yili, qariyb, 3,5 million kishi sayyohatga chiqadi va bu borada BAA mintaqa davlatlari orasida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Boy madaniy-tarixiy merosga, qulay iqlim sharoitiga ega O‘zbekiston, birinchi navbatda, “ziyorat turizmi”ni yo‘lga qo‘yish imkoniyati orqali BAA aholisi uchun istiqbolli sayyohlik yo‘nalishidir. BAA va Fors ko‘rfazining boshqa mamlakatlari fuqarolari uchun kirish vizasini bekor qilish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekistonga ushbu davlatlardan keladigan sayyohlar oqimini tezlashtirishga xizmat qiladi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, Toshkent va Abu Dabi manfaatlari ko‘p jihatdan bir-biriga mos keladigan uzoq muddatli sheriklardir. Tomonlar bir-birini to‘ldiradigan milliy rivojlanish strategiyasini amalga oshirmoqda. Ikki tomonlama munosabat, jumladan, oliy darajadagi muntazam aloqalar izchillik kasb etgan.

Bularning bari xalqaro munosabatlar tizimi o‘zgarishi, jahon iqtisodiyoti va savdosi yangi modeli shakllanishi sharoitida mamlakatlarimizni yanada yaqinlashtirish, xalqlarimiz manfaati yo‘lida davlatlararo yaqin munosabat o‘rnatishga xizmat qiladi.

Muharrama Pirmatova tayyorladi.

O‘zA