2,1 million dollarlik mahsulot eksport qilindi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.Mahsulotlarini Rossiya, Belarus, Moldova, Polsha, Turkiya, Xitoy davlatlariga eksport qilayotgan korxonada ish unumdorligini yanada oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2014-yilda ish boshlagan korxonaga 43,3 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya kiritildi. Ayni paytda mahalliy xomashyo – paxtadan yuqori sifatli to‘qimachilik va trikotaj sanoati uchun ip-kalava ishlab chiqarayotgan korxona mahsulotining 60 foizdan ortig‘i eksport qilinmoqda.
– Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, import o‘rnini bosadigan, xalqaro bozorda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaratilayotgan alohida e’tibor eksport hajmini oshirishga xizmat qilayotir, – deydi korxona bosh direktori S.Vafoyev. – Asosan ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonamiz Germaniya va Italiyadan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. 442 ishchi-xizmatchi mehnat qilayotgan jamoaning aksariyati kasb-hunar kollejlarini bitirgan yosh mutaxassislardir.
– Ustoz-shogird an’anasi asosida ish o‘rganib, zamonaviy dastgohlarda xaridorgir mahsulot ishlab chiqarayotganimdan faxrlanaman, – deydi ishchi Q.Do‘simbetov. – Ko‘pchilik tengdoshlarim bilan kollejda tahsil olayotgan chog‘imizda amaliyotni shu yerda o‘tab, ish o‘rgandik. Bu ish faoliyatimizda juda qo‘l kelmoqda.
O‘tgan yili korxona tomonidan 20 milliard so‘mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, 2,1 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Buning natijasida jami 1,9 milliard so‘mdan ortiq soliq va boshqa majburiy to‘lovlar amalga oshirildi.
Korxonada 2017-2018-yillarda loyiha qiymati 2,8 million dollarlik modernizatsiya ishlarini amalga oshirish orqali ishlab chiqarish hajmini yanada yuksaltirish va yana 40 yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.