Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
1991-2016 yillar davomida 484 nafar, 2020 yildan keyin 50 mingga yaqin shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligi berildi
11:35 / 2022-11-05

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunning Ichki ishlar vazirligi tizimida ijro etilishini o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

— Mamlakatimizda shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi, —  dedi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Salixov. — Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ko‘pgina muammolar, ayniqsa, uzoq vaqtdan buyon O‘zbekiston fuqaroligini olishga oid to‘planib qolgan masalalar o‘z yechimini topmoqda. Yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi tufayli O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish va tugatilishi sohasidagi ma’muriy tartib-taomillari yanada soddalashtirildi.  

Qolaversa, shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish va bekor qilish borasidagi huquq va erkinliklarini ta’minlashning huquqiy mexanizmlari mustahkamlandi. 1991 yil sentyabr oyidan 2016 yilning dekabr oyiga qadar jami 484 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan bo‘lsa, 2020 yilda yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy istiqomat qiladigan fuqaroligi bo‘lmagan 50 mingga yaqin shaxsning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi tan olindi.  

Yig‘ilishda qayd etilganidek, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar tomonidan “Ye-G‘uqaro” idoralararo ma’lumotlar bazasi yaratildi. “Ye-Fuqaro” idoralararo ma’lumotlar bazasi orqali fuqarolik masalalari bo‘yicha tushgan arizalar idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan manfaatdor vazirliklar va idoralar o‘rtasida ko‘rib chiqish hamda ularga tegishli munosabat bildirish tartibi joriy qilindi.  

Shuningdek, “Ye-G‘uqaro” idoralararo ma’lumotlar bazasi yaratilishi orqali O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tiklash, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tan olish, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish va O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotish bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasi shakllantirildi.  

Yig‘ilishda Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining Toshkent, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlaridagi o‘rganishlari, shuningdek, Ichki ishlar boshqarmalarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmalari va ularning tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati muhokama qilinib, muhim takliflar ilgari surildi.   

M.Komilova,  O‘zA