Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
197 ta murojaat: yo‘llar ta’miri, elektr energiyasi va qarzdorlik masalasi – ommaviy qabul natijalari qanday bo‘lmoqda?
14:40 / 2022-11-08

Toshkent shahrida Prezident Xalq qabulxonasi boshchiligida Yunusobod tumanidagi ko‘p qavatli uy-joylar, ijtimoiy soha ob’ektlarini qish mavsumiga tayyorlash, issiqlik, suv, tabiiy gaz, elektr energiyasiga oid masalalarni o‘rganish va hal qilish maqsadida navbatdagi ommaviy qabul tashkil etildi. Unda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirliklari, energetika, obodonlashtirish, yo‘l va ichimlik suvi tizimi idoralari, shahar-tuman hokimliklari mas’ullari murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarga yechim izladi.

Olmazor tumani «Gulzor» mahallasida yashovchi Saidanvar Madixo‘jayev va Sobitjon Tursunov hududdagi yo‘llar ta’miri-yu elektr energiyasi ta’minotidagi masalalarga yechim so‘radi. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mas’ullari asfalt qilinishi so‘ralayotgan mazkur ko‘chani joyiga chiqib o‘rganib, dasturlar asosida hal qilib berishni o‘z zimmasiga oldi.  

«Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati mutasaddilarining o‘rganishlaridan so‘ng «Gulzor» mahallasiga qo‘shimcha yoki katta quvvatli yangi transformator o‘rnatiladigan bo‘ldi.  

Olmazor tumani «Yuqori Sebzor» mahallasidagi ko‘p qavatli 4- «a» uyda istiqomat qiluvchi Lyubov Krivensovaning aytishicha, mazkur uyda lift o‘rnatilganiga 24 yil bo‘lgan, ya’ni almashtirish muddati kelgan.  

Dilnoza Umrzoqova ham qabulga ko‘pning muammosiga yechim so‘rab keldi. Ayolning aytishicha, ular yashayotgan Yunusobod tumani 12-dahasidagi 30-uydagi 108 ta xonadonda isitish tizimi yaxshi ishlamaydi. Sovuq kunlar yaqin. Bu masala bo‘yicha ishchi guruh tuzilib, muammo joyiga chiqib o‘rganiladigan va hal qilinadigan bo‘ldi.  

Surayyo Nosirova Chilonzorning «Katta Do‘mbirobod» mahallasida yashaydi. Uning boquvchisi yo‘q, uch farzandining ikkisi xasta. Og‘ir ijtimoiy ahvoldagi ayol og‘ir sharoiti tufayli issiq suv va gazdan qarzdorligini to‘lay olmayapti. Ayni masalada yordam so‘rab kelgan Surayyo Nosirovaning qarzdorligi ichki imkoniyatlar hisobga olinib qoplab beriladigan bo‘ldi.  

Yashnobod tumani «Dilbog‘» mahallasida yashovchi Inna Savina murojaatidan so‘ng esa mahalla bolalari uchun o‘yin maydonchasi qurib beriladigan bo‘ldi.  

Olmazor tumanidagi «Abu Bakr Shoshiy» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Iskandar Mahmudov murojaati asosida mahallada yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan birining xonadoni shundoqqina ko‘chadan o‘tgan oqava suv tarmog‘iga ulab beriladigan bo‘ldi.  

Chilonzorlik Rustam Ismoilov o‘zi yashayotgan «Nafosat» mahallasidagi ko‘p qavatli 29-uyning tomini yangilashda amaliy yordam so‘radi. Bu masala ham dasturlar asosida hal qilinadigan bo‘ldi.  

Qabullar davomida avvalgi muloqotlarda Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi ham o‘rganildi. Aytaylik, Olmazor tumani «Qorasaroy» mahallasidagi 2-uy aholisi murojaatlari asosida bu uy yo‘lagiga bugun yangi, zamonaviy lift o‘rnatiladigan bo‘ldi. Bu, ayniqsa, yuqori qavatda yashovchi keksa, nogironligi bor va bemor insonlar uchun katta qulaylikdir.  

Yashnobod tumani «Beshariq» mahallasidagi 41-uy aholisi murojaatlarida aytilgan lift masalasiga ham nihoyat yechim topildi.  

Yunusobod tumani «Sobirobod» mahallasidagi 21-uy aholisi murojaatlari asosida mazkur uy tomining ta’mirtalab 300 kvadrat metr qismida ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. Xuddi shunday murojaatlar asosida Mirzo Ulug‘bek tumani «Yangi Kamolot» mahallasidagi 28-uy tomi ham yangilanmoqda.  

Mirzo Ulug‘bekning «Amir Temur» mahallasi aholisi esa elektr ta’minotidagi uzilishlardan shikoyat qilishgan edi. Muammo joyiga chiqib o‘rganilgach, mahallada yuqori kuchlanishli yangi transformator o‘rnatildi. Bu bilan 80 ga yaqin xonadonning elektr ta’minoti yaxshilandi.  

Yashnobodning «Ahmad Yassaviy» mahallasi aholisini yillar bo‘yi o‘ylantirgan katta masala ham bu yilgi dasturlar asosida hal qilindi. Mahalladagi 350 ta xonadonga qariyb 6 km. oqava suv tarmog‘i tortilmoqda. Ayni paytgacha 4 km. tarmoq tortib bo‘lindi, qolgan ishlar ham tez orada yakunlanadi.  

Shayxontohur tumani «Katta hovuz» mahallasidan kelib tushgan murojaatlar asosida esa hududdagi eskirgan gaz taqsimlash punkti yangilandi. Bu bilan "Jalolobod" ko‘chasidagi 256 ta xonadonda «zangori olov» piligi ko‘tarildi.  

Muxtasar aytganda, Prezident Xalq qabulxonasi Yunusobod tumanida tashkil qilgan navbatdagi ommaviy qabulda 332 ta murojaatning 79 tasi joyida hal qilindi, 56 ta masala yuzasidan huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish, vaqt va mablag‘ talab qiladigan 197 ta murojaat nazoratga olindi.  

 

O‘zA