French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
197 mln kub metr suv tejaldi
15:07 / 2026-01-05

Sirdaryo viloyatida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish orqali 2025 yilda 197 million kub metr suv hamda 12,5 million kVt/soat elektr energiyasi tejaldi. Bu esa qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini 15–20 foizga oshirish imkonini berdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, Sirdaryo viloyatida aniq amaliy natijalar bermoqda. Qishloq xo‘jaligi yetakchi tarmoq hisoblangan hududda suvni tejash masalasi strategik ahamiyat kasb etadi.

–   Suv taqchilligi sharoitida har bir kub metr suv hisob-kitob bilan taqsimlanishi shart. Raqamli nazorat hamda suvni o‘lchash va tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali yo‘qotishlar sezilarli darajada kamaytirildi. 197 million kub metr suv tejash — shunchaki raqam emas, bu yer va mehnat samaradorligining oshganidan dalolat, – dedi  Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimining havza boshqarmasi boshlig‘i Nurkamol Otaqulov. – 2025 yilda viloyatda 81 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi. Shuningdek, 53,1 ming gektar ekin ekiladigan yerlar lazer uskunalari yordamida tekislanib, suvning samarasiz sarfi sezilarli darajada kamaytirildi.

So‘nggi besh yilda esa Sirdaryo viloyatida jami qariyb 217 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar tatbiq etildi. Natijada ularning ulushi sug‘oriladigan yerlarga nisbatan 76 foizga yetdi.

Davlat dasturlari doirasida 2025 yilda 8 ta irrigatsiya ob’ektlarida 80,1 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 88,6 kilometr kanallar betonlashtirildi, 5 kilometr melioratsiya ob’ektlari rekonstruksiya qilindi va 240 kilometr kanallar tozalandi.

–   “Kambag‘allikdan farovonlikka” dasturi doirasida mahallalarda sug‘orish infratuzilmasi yaxshilanib, sug‘orish tarmoqlari betonlashtirildi, lotoklar o‘rnatildi, quduqlar va nasos agregatlari barpo etildi. Shu bilan birga, klaster va fermer xo‘jaliklari tashabbusi bilan 597,9 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlari betonlashtirildi,  –   dedi Nurkamol Otaqulov.

Raqamlashtirish yo‘nalishida 849 ta suv o‘lchash postlariga “Aqlli suv”, 828 ta meliorativ kuzatuv quduqlariga “DIVER” qurilmalari o‘rnatildi. Energiya tejamkor uskunalarni joriy etish orqali nasos stansiyalarida elektr sarfi kamaytirildi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, amalga oshirilayotgan ishlar Sirdaryo viloyatida suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, qishloq xo‘jaligi barqarorligini mustahkamlash va global suv taqchilligi sharoitida hududning barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri