Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
1930 yillar: O‘zbekiston xorijlik ijodkor nigohida
17:45 / 2023-07-06

Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tasarrufida tashkil etilgan “Art station by Silk Road University” galereyasining ilk ko‘rgazmasi “Ichki ufq: O‘zbekiston 1930 yillarda Ella Mayar suratlarida” deb nomlandi.

Shveysariya elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ko‘rgazmada namoyish etilayotgan fotosuratlar XX asrning 30-yillarida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasining havosi va muhitini aks ettiradi. Ushbu suratlar sayohatchi, sportchi, fotograf va yozuvchi, o‘z hayotini turli mamlakatlar va madaniyatlarni o‘rganishga bag‘ishlagan shveysariyalik Ella Mayarga tegishli. U ayollarning jamiyatdagi o‘rni haqidagi an’anaviy qarashlarga qarshi chiqib, oilaviy biznesni davom ettirishni istamagan holda Shveysariya Alp tog‘larini, O‘rta yer dengizini zabt etgan.  

Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston, Xitoy va Turkiyaga sayohat qilib, o‘ziga xos tadqiqotlarni amalga oshirgan. Ko‘rgazmada Mayarning 1932 yilda O‘zbekiston, Markaziy Osiyo bo‘ylab yetti oylik sayohati chog‘ida olgan fotosuratlari namoyish etilmoqda. Sayohat taassurotlari matn va suratlar ko‘rinishida uning “Osmon tog‘laridan qizil qumlarga” (“Turkestan Solo – One Woman's Expedition from the Tien Shan to the Kizil Kum”) kitobida jamlangan. Ella Mayarning asl fotosuratlari arxivi Shveysariyaning Lozanna shahridagi “Photo Elysée - Musée cantonal pour la photographie” muzeyida saqlanadi.  

Samarqanddagi “Ichki ufq” ko‘rgazmasida “Photo Elysée” muzeyi taqdim etgan fotosuratlarning raqamlashtirilgan nusxalari namoyish etilmoqda. “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Lozannadagi “Yelisey” fotosuratlar muzeyi (“Photo Elysée - Musée cantonal pour la photographie”), Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, “Ella Mayar va Anneliza Xollmann xonimning do‘stlari” uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmaning ochilish marosimida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov, Shveysariya tashqi ishlar vaziri Inyatsio Kassis, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining akademik tadqiqotlar bo‘yicha prorektori, professor Raymond Jozef Xoffman, viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov ishtirok etdi.  

[gallery-12622]

– Ushbu ko‘rgazma orqali 100 yilga yaqin vaqt oldin Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston hududidagi aholi turmush tarzi, haqiqiy hayot manzaralarini ko‘rish orqali o‘sha davr haqida tasavvurga ega bo‘lish mumkin, – deydi Shveysariya tashqi ishlar vaziri Inyatsio Kassis. – Ella Mayar yosh bo‘lishiga qaramay, o‘sha davr qiyinchiliklarini, ta’qiblarini bir chetga surib, Markaziy Osiyodagi hayotni butun dunyoga namoyish etishga bel bog‘lagan. Mana yuz yilga yaqinlashdiki, uning asarlari hamon dunyo e’tiborida. Biz Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston bilan mustahkam diplomatik aloqalarini olib bormoqdamiz. Bunda madaniy aloqalar alohida ahamiyatga ega. Men Samarqandga kecha kelib, shaharning bir qancha diqqatga sazovor joylari bilan tanishdim. Bu o‘rinda shuni aytishim kerakki, Ella Mayarni 100 yilga yaqin vaqt oldin bu zaminga chorlagan o‘ziga xoslik bugun ham xorijliklarni xuddi shunday o‘ziga jalb etmoqda. Samarqandliklarning baxti bu yerda yashab, uning har bir qarichidan bahra olib umr kechirishida. Samarqand doimo mana shunday dunyo e’tirofida bo‘lishini tilab qolaman.  

Ko‘rgazma joriy yilning 8 oktyabrigacha davom etadi.  

G‘.HASANOV,

A.ISROILOV (surat), O‘zA