English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
19-iyun kuni 29 nafar aholi orasida koronavirus qayd etilgan
18:07 / 2020-06-20

Ayrim hududlardagi tuman va mahallalarda aholi orasida koronavirusga chalinganlar guruh-guruh boʻlib chiqayotgani vaziyatning xavotirli ekanini koʻrsatmoqda.


Ayrim hududlardagi tuman va mahallalarda aholi orasida koronavirusga chalinganlar guruh-guruh boʻlib chiqayotgani vaziyatning xavotirli ekanini koʻrsatmoqda. Bunday holatda odamlarning bir joyga yigʻilmasligi, turli tadbirlarni oʻtkazishdan vaqtincha tiyilib turishlari koronavirusning oldini olishda juda muhim hisoblanadi.

Avval xabar qilganimizdek, 18-iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 85 nafar bemordan 28 nafari aholi orasida aniqlangan boʻlsa, 19-iyun kuni esa 179 nafar bemordan 29 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Koʻrib turganingizdek, ikki kunlik maʼlumotga koʻra, umumiy kasallanish koʻrsatkichi ham, aholi orasida koronavirusga chalinish holati ham kundan kunga keskin oshgan.

19-iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida koʻradigan boʻlsak, Toshkent shahrida 24 nafar, Namangan viloyatida 3 nafar, Toshkent viloyatida esa 2 nafarni tashkil etdi.

Jumladan, Chilonzor tumanidagi savdo doʻkoni sotuvchisi boʻlgan N.da (Sergeli tumanilik, shu yilning 18-iyunidan tana harorati koʻtarilgach, shifokorga murojaat qilgan), Mirzo Ulugʻbek tumanida yashovchi A.da hamda uning oʻgʻli va qizida, poytaxtimizda boʻlib turgan Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida yashovchi O.da (profilaktika maqsadida Toshkent shahar SEOM laboratoriyasiga namuna topshirgan), Uchtepa tumanida yashovchi 3 nafar nafaqada boʻlgan fuqarolarda hamda Yunusobod tumanidagi bir oilaning 6 nafar aʼzosida (tana harorati koʻtarilgach, oilaviy tumandagi 52 - oilaviy poliklinikaga murojaat qilgan) kasallik qayd etilgan.

Bundan tashqari, Namangan viloyati Pop tumani Gʻurumsaroy MFYda yashovchi 3 nafar fuqaro (shu yilning 17-iyun kuni tana harorati koʻtarilgach, vrachga murojaat qilgan)da, Toshkent viloyati Chirchiq shahar hokimligi sektori ish yurituvchisi G.da (profilaktika maqsadda namuna olingan) hamda Oʻrtachirchiq tuman tugʻruq boʻlimidagi bemor Z.da ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Mazkur kasallik aniqlangan fuqarolarning aksariyati tana harorati koʻtarilgach, shifoxonaga murojaat qilishgan va namuna topshirishgan. Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi doimgidek aholini ogohlantirishda davom etadi. Avval koʻp bor taʼkidlaganimizdek, aholini imkon qadar faol muloqotdan, turli tadbirlar oʻtkazishdan tiyilishlarini, va albatta, ijtimoiy masofani saqlash, qoʻl berib salomlashib, quchoq ochib koʻrishishdan saqlanishlari, qoʻllarni yaxshilab qayta-qayta yuvish, koʻchaga chiqqanda niqobni toʻgʻri taqish kabi karantin va sanitariya qoidalariga qatʼiy rioya etishlarini soʻrab qoladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.