Tegishli ishchi guruhlar tomonidan bino va inshootlarni loyihalash hamda ekspertizadan o‘tkazishda yangi seysmologik ko‘rsatkichlardan foydalanish maqsadida 2017-2024 yillar davomida qurilgan 8 ming 974 ta va 2025 yilda qurilishi rejalashtirilgan 2 ming 559 ta hamda foydalanishga topshirilgan 301 ta, jami 11 ming 834 ta ko‘p kvartirali uy-joyning zilzilabardoshligi xatlovdan o‘tkazilgan.
Ishchi guruhlardagi seysmolog, quruvchi, konstruktor, arxitektor va muhandislar tomonidan 10 ming 705 ta (90 foiz) ko‘p kvartirali uy-joylar hujjatli va vizual o‘rganib chiqildi. Shundan 3 ming 107 ta uy-joy xususiy ekspertizadan o‘tkazilgan, 1 ming 434 tasi ro‘yxatdan o‘tmagan va 185 tasida noqonuniy ravishda qavat qo‘shilgani aniqlandi.

O‘rganish natijasida 9 ming 397 ta (88 foiz) uy-joy mustahkamligi talabga javob berishi va 1 ming 308 ta (12 foiz) uy-joyda instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazish lozimligi aniqlanib, shundan 417 ta (31 foiz) uy-joyda tekshiruv yakunlandi.
Tekshiruv natijalari 339 ta uy-joy seysmik mustahkamligini, 77 tasini qo‘shimcha mustahkamlash talab etilishini va 1 tasi seysmik zaifligini ko‘rsatdi.

Bundan tashqari, 2025 yil 1 iyuldan o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlarni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazish to‘xtatilgan bo‘lsa-da, noqonuniy qurilishlar soni 213 taga oshganligi aniqlandi.
Ko‘rilgan choralar natijasida 85 ta qoidabuzar loyiha tashkilotining faoliyatini to‘xtatish yoki litsenziyasini bekor qilish haqida taqdimnoma kiritilgan, 8 tasining litsenziyasi bekor qilingan. 115 ta bino belgilangan tartibda buzdirildi, 98 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bu haqda quyi palata majlisida Bosh prokuror o‘rinbosari Dilmurod Qosimov aytib o‘tdi.
M.Komilova,
O‘zA