O‘zbekiston chempionati Superligasining 18-turidan o‘rin olgan “So‘g‘diyona” – “Mash’al” uchrashuvi jamoalar o‘rtasidagi keskin va murosasiz kurashlari bilan yodda qoldi. Mezbonlar ushbu bahsda muhim g‘alabaga erishdi.
O‘yinning 27-daqiqasida hisob ochildi. Islom Qobilov jarima maydoniga uzatgan to‘pga Javohir Qahramonov chiroyli harakat bilan yetib bordi va boshi bilan to‘pni raqib darvozasiga yo‘lladi. Bu kombinatsiya “So‘g‘diyona” uchun muhim bo‘lgan birinchi golga aylandi — 1:0.

Ikkinchi taymda ham jizzaxliklar hujumkor o‘yin uslubini saqlab qolishga harakat qilishdi. 74-daqiqada Zoir Jo‘raboyev tomonidan jarima maydoni ichiga yuborilgan uzatmani Rubin Xebay ilg‘ab oldi va himoyachilar qarshiligiga qaramay, aniq zarba bilan darvozani nishonga oldi. To‘p “Mash’al” himoyachisi Sherzod Fayziyevga tegib, yo‘nalishini o‘zgartirgan bo‘lsa-da, gol Xebayning hisobiga yozildi. Shu tariqa “So‘g‘diyona” “Mash’al”ni 2:0 hisobida mag‘lub etib, turnir jadvalida biroz bo‘lsa ham yuqorilashga erishdi.

Mehmonlar — “Mash’al” jamoasi futbolchilari qarshi hujumlar orqali gol urishga harakat qilishdi. Xususan, ikkinchi taymda Anvar Murodov va Nuriddin Nuriddinov tomonidan bir necha xavfli vaziyatlar yaratildi. Ammo darvozabon Mitrovichning ishonchli harakatlari hamda himoya chizig‘ining mustahkamligi orqali mezbonlar o‘z darvozasi daxlsizligini ta’minlashdi.

Uchrashuvdan so‘ng “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ivan Boshkovich matbuot anjumanida ta’kidlashicha, jamoa bunday uchrashuvlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda va hozir ko‘rsatgan o‘yin sifati ijobiy baholanishi mumkin. Shu bilan birga, u golli vaziyatlardan unumli foydalanish borasida yanada samarali ishlash zarurligini qayd etdi. Bosh murabbiyning fikricha, o‘yinlarning taqdirini ertaroq hal etish va oxirgi daqiqalarda asabiylikka yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Qaynoq yoz faslida o‘tgan o‘yin futbolchilarning jismoniy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani kuzatildi.
“So‘g‘diyona” ushbu natija orqali chempionat jadvalida o‘z o‘rnini yaxshiladi. Endi jamoani navbatdagi jiddiy sinov kutmoqda — 5 kundan so‘ng ular safarda “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushadi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri