Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
18 ta qozonxona va 258 km issiqlik tarmoqlari yangilanadi
14:29 / 2025-07-18

Mamlakatimizda uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish maqsadida Prezidentimizning tegishli qarori bilan “Issiqlikta’minoti” AJ tashkil etilgan edi.

Mazkur tashkilot vazifalari nimalardan iborat? 

Qaror bilan issiqlik ta’minotini yaxshilash yuzasidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda? 

– Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va “Issiqlikta’minoti” AJ bilan birgalikda ko‘p kvartirali uy-joylar va ijtimoiy soha muassasalariga 8 ming 681 ta individual issiqlik punktlarini o‘rnatish orqali markazlashgan issiqlik ta’minoti “yopiq tizim”ga o‘tkaziladi, – deydi “Issiqlikta’minoti” AJ raisi  o‘rinbosari Alijon Hikmatov. – Shuningdek, Investitsiya dasturi doirasida respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan 2025-2029-yillarda issiqlik tizimlaridagi eskirgan 103 ta qozonxona va 1,632 ming km issiqlik tarmoqlari, shu jumladan, 2025-2026 yillarda 18 ta qozonxona va 258 km issiqlik tarmoqlari yangilanadi. 

2025 yilda Investitsiya dasturi doirasida respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan issiqlik ta’minoti ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun 500 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. 

Shuningdek, hududlardagi 8 ta qozonxona va 80 km uzunlikdagi issiqlik tarmoqlarida qurilish va modernizatsiya ishlari, 25 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlarida qozonxona va issiqlik tarmoqlari qurish ishlari boshlab yuborilgan.

Loyihalarni amalga oshirish natijasida hududlardagi 35 mingdan ortiq xonadondan iborat 1 ming 84 ta ko‘p qavatli uy va 110 ta ijtimoiy soha ob’ektlarini issiqlik energiyasi bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlash lozimki, joriy yilda davlat-xususiy sheriklik asosida Nukus va Buxoro shaharlari issiqlik ta’minoti tizimlarida bir vaqtning o‘zida ikki turdagi energiya ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarga start beriladi. 

Bunda Nukus shahridagi 20 mingdan ortiq xonadonga ega 511 ta ko‘p kvartirali uy hamda 182 ta ijtimoiy soha ob’ektlari markazlashgan issiqlik bilan ta’minlanadi. Buxoro shahridagi 8 mingga yaqin xonadonga ega 153 ta ko‘p kvartirali uy hamda 22 ta ijtimoiy soha ob’ektlarining issiqlik ta’minoti yaxshilanadi. 

Xalqaro moliya institutlari ishtirokida 13 ta yangi istiqbolli loyiha, jami quvvati 294 MVt bo‘lgan 10 ta qozonxona va 617 km uzunlikdagi issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilish, 2 ming 285 ta individual issiqlik punktlarini o‘rnatish rejalashtirilgan. 2025 yilda 5 ta Andijon, Samarqand, Shahrisabz shaharlari, Bo‘stonliq va Nurobod tumanlarida loyihalarni boshlash choralari ko‘riladi.

Hududlardagi 121 mingdan ortiq xonadondan iborat 2 ming 634 ta ko‘p qavatli uy va 480 ta ijtimoiy soha ob’ektlarining issiqlik energiyasi ta’minotini yaxshilash ko‘zda tutilgan. Buning natijasida markazlashgan issiqlik ta’minoti qamrovini 37 foizdan 58 foizgacha yetkazish, tizimdagi yo‘qotishlarni 38 foizdan 20 foizgacha qisqartirish choralari ko‘riladi. 

Qarorga asosan, joriy yilda “Yangi O‘zbekiston” massivlarini issiqlik energiyasi bilan ta’minlash dasturi doirasida 23 ta qozonxonada 117,3 km issiqlik tarmog‘ini tortish, 62 ta isitish qozonini o‘rnatish hamda 345,8 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirish rejalashtirilgan. 

“Issiqlikta’minoti” AJ matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 23 ta qozonxonada 55 km (47%) issiqlik tarmog‘ini tortish, 45 ta (73%) isitish qozonini o‘rnatish ishlari amalga oshirildi. 237 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirilib, 240 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgan. 

Hisobot davrida “Issiqlikta’minoti” AJ tizim tashkilotlari tomonidan jami 4,4 million Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilgan. Shundan, aholiga 1,1 million Gkal, yuridik iste’molchilarga 3,3 million Gkal issiqlik energiyasi yetkazib berilgan. 

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, Uchquduq markaziy qozonxonasi 1962 yilda qurilgan bo‘lib, oradan 63 yil o‘tgan va u ma’nan eskirgan edi. Yangidan qurilgan qozonxonada har birining quvvati 21 MVt bo‘lgan 5 dona qozon ishga tushiriladi. Bu esa qo‘shimcha quvvatlar, iqtisodiy tejamkorlik bilan birga, aholi turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiladi. 

Hududda ayni paytda 300 dan ortiq ko‘p qavatli uy, 8 ming 626 ta xonadon, 32 ming 817 nafar aholi istiqomat qiladi. Qolaversa, 17 ta ijtimoiy soha ob’ekti, 9 ta yuridik tashkilot va 50 dan ortiq bir qavatli kottejlar mavjud. Yana 18 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Bu esa aholining markazlashgan issiqlik energiyasiga bo‘lgan talabini oshirishi tabiiy. 

Shahnoza Mamaturopova, 

O‘zA