Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun
15:24 / 2021-11-18

Doimo balandlarda hilpraver bayrog‘im!

Davlatimiz ramzlari kuchli tarbiya vositasi sifatida yoshlarimizning milliy g‘ururini yuksaltirishga, ularni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Ana shunday ramzlardan biri mamlakatimizning davlat bayrog‘idir. Doimo o‘zbek xalqining shon-sharafi va g‘ururidek yuksaklarda hilpirab turgan bayrog‘imiz 1991 yil 18 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi "Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan kundan boshlab davlat suverenitetining ramziga aylandi.

O‘ttiz yildirki, davlat bayrog‘imiz O‘zbekiston delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, davlatimizning chet ellardagi elchixonalari va xalqaro tashkilotlardagi vakolatxonalarida, xalqaro konferensiyalarda, jahon ko‘rgazmalarida, sport musobaqalarida, yurtimizdagi barcha rasmiy idoralarda ozod va obod Vatanimiz timsoli sifatida baland hilpiramoqda.

Ayniqsa, har bir soha kabi sportchilarimiz Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida, qit’a hamda jahon chempionatlarida mamlakat sharafini munosib himoya qilib, hamisha  bayrog‘imizni baland ko‘tarmoqda.

Bugun yurtimiz faxri va iftixorlari bo‘lgan sportchi va murabbiylarimiz yurt bayrog‘ini ko‘targanda qalbidan qanday tuyg‘ular barq urgani haqida quyidagicha fikr bildirishdi.

– Har safar nufuzli musobaqalarda davlatimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganida O‘zbekiston farzandi ekanimizdan dilimizda cheksiz faxr tuyamiz, – deydi og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari oltin medal sohibi Akbar Jo‘rayev. – Davlatimiz bayrog‘ini doimo baland tutish bizning ham sportchi, ham Vatan himoyachisi sifatidagi muqaddas burchimizdir. Bu tuyg‘u bizga ulkan g‘ayrat-shijoat bag‘ishlaydi, yangidan-yangi g‘alabalar sari ruhlantiradi.

– Tokio shahrida o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida g‘alabam sharafiga Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilganda shunday yurtda tug‘ilib, voyaga yetayotganimdan g‘ururlanib ketdim, – deydi taekvondo (WT) g‘olibi Osiyo chempioni Ulug‘bek Rashitov. – Xalqaro maydonlardagi g‘alabalarimiz mamlakatimizda yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi, iqtidorini namoyon etishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufaylidir. Nasib etsa, kelgusida ham jahon va qit’a chempionatlari Osiyo o‘yinlarida ham yurtimiz bayrog‘ini yanada ko‘klarga ko‘taraman.

– Har bir sportchi jahon chempioni bo‘lishni, Olimpiya o‘yinlarida yurt bayrog‘i ostida shohsupaga ko‘tarilishni orzu qiladi, – deydi. Taekvondo bo‘yicha murabbiy Jasur Boyqo‘ziyev. – O‘zim yetishmagan orzular ro‘yobini shogirdlarim g‘alabalari timsolida ko‘rishimga ishonaman. Chunki bugun mamlakatimizda chempionlarning yangi avlodi kamolga yetmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sportni rivojlantirishga, iqtidorli yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan ulkan e’tibor tufayli O‘zbekiston o‘g‘il-qizlari hech kimdan kam emasligini, har qanday sohada eng yuqori cho‘qqilarni zabt etishga qodir ekanini amalda isbotlamoqda.  

– Har bir sportchi xalqaro maydonlarda o‘z Vatani bayrog‘ini baland ko‘tarishni orzu qiladi, – deydi boks bo‘yicha amaldagi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Bahodir Jalolov. – Har doim xalqaro sport musobaqalariga otlanganimizda davlatimiz bayrog‘ini yonimizda olib ketamiz, musobaqada g‘alaba qozonib, milliy bayrog‘imiz ko‘tarilganda qalbimiz cheksiz g‘urur va iftixorga to‘ladi.  Xalqaro musobaqalarda g‘alabamiz sharafiga Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilganda, qalbimizni chulg‘ab oladigan cheksiz g‘urur va iftixorni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi, bunday hayajonli lahzalar bizni yanada ulkan zafarlar sari chorlaydi.

Ha, bugun sportchilarimiz yurt iftixori, faxrimiz bo‘lgan bayrog‘imizni baland ko‘tarmoqda. Bu esa mamlakatimizda aholi o‘rtasida sport va jismoniy tarbiyani yanada ommalashtirish, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida olib borilayotgan ishlar samarasidir.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA